Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya o‘rtasida keng qamrovli deklaratsiya imzolandi
Olam
−
16 mart
4913Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya Tashqi ishlar vazirlari – Jayhun Bayramov, Xoqon Fidan va Ilya Darchiashvili o‘rtasida imzolagan Baku deklaratsiyasi matni e’lon qilindi. Bu haqda kecha, 15 mart kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Hujjatda davlatlar o‘rtasida do‘stlik va tarixiy rishtalarga, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan mustahkam munosabatlar mavjudligi, strategik sheriklik darajasida o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlar, jumladan, siyosiy, iqtisodiy, savdo, tinchlik va xavfsizlik, fan-texnika va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakatlar duch kelayotgan muammolar va tahdidlarni, shu jumladan, terrorizmning barcha shakllari va ko‘rinishlari, kiberhujumlar va urushning gibrid shakllaridagi tahdidlarini tan olgan.
Ular mintaqaviy iqtisodiy profilni mustahkamlash uchun savdo va investitsiya faoliyatini jadallashtirishga kelishgan.
Ozarbayjon hukumati va xalqi bilan mojarodan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash va qayta qurish harakatlarida birdamlik bildirish qayd etilgan.
Shuningdek, 2023 yilning 6 fevralida Turkiyaning janubi-sharqiy mintaqasida minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan, jarohatlagan va og‘ir vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan ikki halokatli zilzila, shuningdek, so‘nggi 6 yil ichida Turkiyaga qarshi sodir etilgan qator terrorchilik harakatlari munosabati bilan turk xalqi bilan hamjihatlik va hamkorlikni bildirgan holda, davlatlar bir-birlarining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini qat’iy va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladlagan.
Qolaversa, vazirlar Ozarbayjon Respublikasining davlat chegaralari doirasida suvereniteti va hududiy yaxlitligi to‘liq tiklanganini olqishlab, Ozarbayjon hukumatining mojarodan keyingi tiklanish va qayta qurish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagan.
Harbiy harakatlar davom etayotgan hududlarda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirish, G‘azoga darxol, to‘siqsiz, barqaror va yetarli darajada gumanitar yordam yetkazilishi hamda Yaqin Sharqda mustahkam tinchlik o‘rnatishga qaratilgan haqiqiy tinchlik jarayonini qayta boshlash muhimligi urg‘ulangan.
Gruziyaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida hududiy yaxlitligi va suverenitetini tiklash nihoyatda zarur ekani bildirilgan hamda terrorizmning barcha shakllari va ko‘rinishlariga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga, odam savdosiga, migrantlar kontrabandasiga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga, madaniy va tarixiy merosga qarshi jinoyatlar va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish uchun tegishli xalqaro va mintaqaviy hujjatlarga muvofiq hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Davlatlarning tranzit salohiyatini mustahkamlash yo‘nalishida muhim qadamlar qo‘yilishi, jumladan, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya hududlari orqali o‘tuvchi temir yo‘l multimodal transport yo‘lagi – Transkaspiy Sharq-G‘arb o‘rta yo‘lagi, xalqaro tranzit tizimiga integratsiyalashuv sa’y-harakatlari ham esga olingan, shuningdek, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi raqobatbardosh transportni osonlashtirishda Temir ipak yo‘lining bir qismi sifatida Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘li va Marmaray loyihasining muhim roli ta’kidlangan. Ular temir yo‘l liniyasining “Marabda-Kartsaxi” uchastkasida restavratsiya, rekonstruksiya va kengaytirish ishlarini muddatidan oldin yakunlash va temir yo‘l liniyasini 2024 yilda to‘liq ishga tushirish muhimligini va transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish vaqti kelganini qayd etgan.
Transport, savdo, yashil energiya va kam uglerodli texnologiyalar, shu jumladan havo, temir yo‘l, avtomobil va mintaqaviy aloqalarni yaxshilash va mustahkamlash orqali energetika, shuningdek, odamlar o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim, ijtimoiy va madaniy almashinuv, turizm va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida hamkorlikni kengaytirishga, janubiy gaz yo‘lagi hamda tabiiy gaz hajmini oshirishga qaratilgan energetika loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiya xalqaro multimodal transport va tranzit yo‘nalishida ishtirok etuvchi davlatlarning temiryo‘l idoralari rahbarlari Ashxobodda yuk tashish hajmini oshirish masalalarini muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi