Amaldorlarning boyliklari xalqdan yashirilyaptimi?
Tahlil
−
19 yanvar 2023
16731O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan.
Prezident Farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangandi.
Biroq, mana 2023 yilning yanvari ham keldi hamki, hali bu Farmonning ijrosidan darak yo‘q! Buning sababi esa mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash haqidagi “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilmagan.
“Agentlik Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xizmatiga oid qonunchilik hujjatlari paketi, shuningdek, deklaratsiyalash tizimini joriy etish mexanizmlari, deklaratsiya taqdim etishi lozim bo‘lgan davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolari toifasini nazarda tutuvchi “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”, deyilgan Prezident Farmonida.
QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov mazkur qonunning kuchga kirishi mamlakatda korrupsiyaning oldini batamom olmasligi, lekin amalrodlarning jamoatchilik oldidagi javobgarligini oshirishini aytmoqda.
“Jamoatchilikning tanqidi va hokimiyatga bo‘lgan munosabati bitta qonun hujjati bilan belgilanmaydi. Bu umumiy siyosat bilan bog‘liq. Agar deklaratsiya to‘g‘risidagi qonun kuchga kiradigan bo‘lsa, bu odamlarning amaldorlarni muhokama qilish imkoniyatlarini yanada oshiradi. Mamlakatda davlat hamda amaldorlarga bo‘lgan munosabat va uning matbuotda aks etishi, faqat qonun bilan bog‘liq emas. Bu albatta davlatning siyosati bilan bog‘liq. Lekin eski, byurokrat amaldorlar bunday tanqidlarga chiday olmaydi. O‘zlarini aqlli hisoblaydi, biroq jamoatchilik oldiga chiqib ikki og‘iz so‘z aytish boshqa narsa. Shu nuqtai nazardan Qozig‘iston, Qirg‘izistondagi deklaratsyalash bo‘yicha holat O‘zbekistonga ham ko‘chadi”, dedi u.
Farmon bilan Agentlikka qonun loyihasini Prezident Adminstratsiyasiga kiritish uchun ham uch oy vaqt berilgandi.
“Agentlik Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Reyestrni va u bilan bog‘liq cheklovlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin”, deyilgan Prezident Farmonining 3-bandida.
Lekin oradan ikki yoki uch oy emas, naq bir yarim yil, 18 oy o‘tdi hamki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasi yoki Prezident Adminstratsiyasiga kiritmagan. Buni esa Agentlik rahbari Akmal Burxonov QALAMPIR.UZ’ga noyabr oyida bergan intervyusida quyidagicha izohlagandi:
“2022 yildan boshlab davlat xizmatchilarining mol-mulkini, daromadlarini deklaratsiyalash tizimi joriy etiladi, deyilgan. Hozirgi kunda qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Nafaqat qonun loyihasi, balki shu tizimning ishlashi bo‘yicha deklaratsiya ham ishlab chiqilgan. Agar qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, deklaratsiya tizimi ham ishga tushiriladi. Hammasi tayyor, qonun agar shu oy qabul qilinadigan bo‘lsa, davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiyalash ham 2022 yildan boshlab hisoblana boshlaydi. Bu qonunni qabul qilish qonun ijodkorligi jarayoni va xorij tajribasini o‘rganish bilan bog‘liq. Oldin ham buni ta’kidlaganmiz, vazirlik va idoralar bilan kelishuvlar olib borilib, xalqaro tajriba o‘rganilgan. Qonun loyihasi tayyor va yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi".
Biroq, Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, qonunning yuridik tomonlarini ko‘rib berish uchun Agentlik Adliya vazirligiga hali murojaat qilmagan. Vazirlikning faqat Qonun loyihasi ishlab chiqilganidan xabari bor, xolos.
“Bu muddat juda ko‘p! Jurnalistlar to‘g‘ri savol qo‘ymoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish vazirligi bu qonunni kuchga kiritishga shoshilishi kerak. Aslida buni allaqachon amalga oshirishi kerak edi. Lekin shunga qaramay qonunning tashkiliy-amaliy taraflari bor. Masalan, mana shu qonun hujjatiga soliq va statistika qonunchiligi bo‘yicha hujjatlar to‘g‘ri kelishi kerak. Davlat hokimiyati organlari to‘g‘risidagi qonun bor. Bu bo‘yicha hatto Parlament ham pishiqroq bo‘lishi kerak. Bugun Parlament o‘zidan kar va ko‘rni yasab olgan. Ular albatta, jurnistlar berayotgan savolni allaqachon ko‘tarishi kerak edi. “Hurmatli, Akmal Eshondadayevich, nimaga bu qonunni ikki yildan beri cho‘zib yuribsiz? Qonunni muvofiqlashtirish, kerak bo‘lsa, majlislarda ko‘rib tezroq hal qilaylik”, deyishi kerak”, dedi Tashanov.
Shuningdek, u Agentlik ham bu borada ishlarni amalga oshirayotgani, xorij tajribasini o‘rganayotganini ham qo‘shimcha qildi.
QALAMPIR.UZ janob Burxonovga amaldorlarning mol-mulk deklaratsiyasi qachon ishga tushadi, deb bir necha bor yuzlangan. U esa doim yaqinda ishga tushadi deyishdan nariga o‘tmagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 iyulda qabul qilgan PF-6257-sonli “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilarining mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan edi. Agentlik tomonidan bu yo‘nalishda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda platforma ishlab chiqildi. Platformaning texnik jihatlarini AKT vazirligi, Kiberxavfsizlik va boshqalar bilan birga ko‘rilgan. Eng Muximi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Qonunchilik protsessida ozgina cho‘zilish yuzaga keldi, lekin 2022 yil 1 yanvardan barcha mansabdorlarning mol-mulklari hisobi boshlangan. Qonun kuchga kirganda jamoatchilikka qachon e’lon qilinishi ko‘rsatib o‘tiladi. To‘g‘risini aytsam, biz 1 apreldan degandik, lekin ulgurmayapmiz. Iyundan bo‘lar, iyuldan bo‘lar, balki yilning oxirida barcha ma’lumotlar ochiqlanar”, degan edi 2022 yilning mart oyida QALAMPIR.UZ savoliga javoban Burhonov.
Taqqoslash uchun, biz doimo undan oldinda ekanimiz bilan faxrlanib keladigan Qirg‘izistonda amaldorlarning mol-mulk deklaratsiyasi allaqachon ishga tushib bo‘lgan. Natijada davlat xizmatchilari o‘zining mol-mulki, daromadlari, oilasi nomidagi ko‘chmas mulklar, nechta mashinasi, uyi borligi haqidagi ma’lumotlarni ommaga e’lon qilib kelmoqda.
Xalq esa ma’lumotlarni tahlil qiladi, tekshiradi va amaldorlarning ortiqcha mulklari qayerdan kelayotgani, ular kiygan kiyimning narxigacha jiddiy savollarni o‘rtaga tashlay oladi.
Masalan, yaqinda e’lon qilingan 2021 yilgi Deklaratsiyaga ko‘ra, Qirg‘izistonning eng boy odamlaridan biri, Sog‘liqni saqlash vazirligining sobiq vaziri Alimkadir Beishenaliyevning 2021 yildagi daromadlari 405 ming 860 somni, yoki 4736,93 AQSH dollarini tashkil etganini ta’kidladi. Bu uning oylik daromadi 33,78 ming somni, 394,26 dollarni tashkil yetishini bildiradi. Shuningdek, u o‘z nomidagi ko‘chmas mulkni ko‘rsatdi: har biri 35, 87,5 va 81 kvadrat metr maydonga ega uchta kvartira, shuningdek, umumiy maydoni 4 ming 175 gektar bo‘lgan ikkita qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan yer uchastkalari. Ko‘char mulkdan esa mansabdor shaxs Toyota Land Cruiser’ni narxini ko‘rsatmagan holda keltirgan.
Qirg‘iz nashrlari esa sobiq sog‘liqni saqlash vazirining yaqin qarindoshlarning daromadi haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini tanqid ostiga olib, buni “shubhali”, deya atagan.
Shuningdek, Qirg‘iziston soliq xizmati Xavfsizlik kengashi kotibining, deputatlarning, partiya rahbari va yana ko‘plab amaldorlarning mol-mulklari ro‘yxatini e’lon qilgan.
Qozog‘istonda ham bu jarayon 2021 yilda ishga tushirilgan. Rossiyada bu bo‘yicha harakatlar 2008 yildayoq boshlangan. Xitoy, Braziliya, Daniya, AQSHda ham uzod yillar davomida davlat xizmatchilariga daromad deklaratsiyasi qo‘llaniladi.
Buyuk Britaniyada parlament a’zolari va Lordlar palatasi a’zolari ham o‘z daromadlarini e’lon qilishlari shart.
Shvetsiya, Norvegiya va Kanadada daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish majburiyati barcha fuqarolarga, shu jumladan davlat xizmatchilariga, hech qanday xususiyatlarga ega bo‘lmagan shaxslarga ham majburiy.
Finlyandiya va Singapurda davlat xizmatchilari har yili o‘z xarajatlari to‘g‘risida hisobot berishadi.
Ushbu mamlakatlarning barchasida noqonuniy boyish jinoyat hisoblanadi va bu korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usulidir.
Deklaratsiya tizimi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va boshqa xalqaro institutlarning bir qator hujjatlarida mustahkamlangan. O‘zbekiston esa buni paysalga solgani-solgan.
Nega? Yoki Agentlik amaldorlarning mol-mulkini burchak-burchaklarga yashirib olishini, o‘z nomidagi ko‘chmas mulklarni sotvorishi, kimningdir nomiga o‘tkazvorishini kutyaptimi? Ularga qo‘shimcha vaqt beryaptimi?
“Deklaratsiya masalasida xorij tajribasini o‘rganganimizda, eng to‘g‘ri yo‘l, birinchi navbatda mansabdorning yaqin qarindoshlari, turmush o‘rtog‘ini mol-mulkini ham deklaratsiyadan o‘tkazish ekanini ko‘rish mumkin. Ko‘p davlatlarda farzandlar bu ro‘yxatga kiritilmagan lekin O‘zbekiston hozircha 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarini nomidagi mol-mulkini ham xatlovdan o‘tkazish masalasini ham kiritgan. Mol-mulklar deklaratsiya qilinish jarayonida ko‘ramiz, agar hamma o‘ziga tegishli boyliklarni yoppasiga qarindosh urug‘ining nomiga o‘tkazadigan bo‘lsa, albatta, bu jarayon yana qayta ko‘rib chiqiladi. Bu yerda inson huquqlari masalasi ham bor. Albatta, bu Xalqaro tashkilotlar tavsiyasi”, degan edi Akmal Burhonov.
Xo‘sh, o‘zi mansabdorlarimiz o‘z mol-mulkini xalqqa e’lon qilishga qanchalik tayyor? QALAMPIR.UZ o‘tgan 2022 yil davomida ko‘plab amaldorlar o‘rtasida bu tizimga, mol-mulkning deklaratsiya qilinishiga tayyor yoki yo‘qligi haqida so‘rovnoma o‘tkazib keldi.
So‘rovnomada ishtirok etgan ko‘plab ko‘plab davlat xizmatchilari bunga tayyor ekanini aytgan.
Lekin kamera qarshisida tayyorman deyish oson. Ularning deklaratsiyaga qanchalik tayyor ekanini esa tizim ishga tushganidan so‘nggina bilamiz. Agar ishga tushsa, ishga tushgunicha mansabdorlarimiz ham boyliklarini yashirishning ming bir usulini o‘ylab topmasa... ko‘ramiz!
LiveBarchasi