Kattakonlarning mol-mulki haqidagi ma’lumotlar qachon oddiy odamlar uchun ochiq bo‘ladi?
Jamiyat
−
11 mart 2022
9830O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan mansabdorlarning mol-mulkini deklaratsiya qilish boshlangan. Shu yil oxirigacha amaldorlar mulklari haqidagi ma’lumotlar ochiqlanadi. Bu haqda kecha, 10 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining jamoatchilik oldidagi hisoboti yuzasidan o‘tkazilgan anjumanda agentlik direktori Akmal Burhonov QALAMPIR.UZ jurnalisti savoliga javoban ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 iyulda qabul qilgan PF-6257-sonli “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilarining mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan edi. Agentlik tomonidan bu yo‘nalishda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda platforma ishlab chiqildi. Platformaning texnik jihatlarini AKT vazirligi, Kiberxavfsizlik va boshqalar bilan birga ko‘rilgan. Eng Muximi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Qonunchilik protsessida ozgina cho‘zilish yuzaga keldi, lekin 2022 yil 1 yanvardan barcha mansabdorlarning mol-mulklari hisobi boshlangan. Qonun kuchga kirganda jamoatchilikka qachon e’lon qilinishi ko‘rsatib o‘tiladi. To‘g‘risini aytsam, biz 1 apreldan degandik, lekin ulgurmayapmiz. Iyundan bo‘lar, iyuldan bo‘lar, balki yilning oxirida barcha ma’lumotlar ochiqlanar”, deydi Burhonov.
Burhonovning ta’kidlashicha, deklaratsiya jarayonini amalda tatbiq etishdan oldin xorij tajribasi ham muntazam o‘rganilgan. Ko‘p davlatlarda mansabdorlarning farzandlariga tegishli mol-mulklar deklaratsiyadan o‘tkazilmaydi.
“Deklaratsiya masalasida xorij tajribasini o‘rganganimizda, eng to‘g‘ri yo‘l, birinchi navbatda mansabdorning yaqin qarindoshlari, turmush o‘rtog‘ini mol-mulkini ham deklaratsiyadan o‘tkazish ekanini ko‘rish mumkin. Ko‘p davlatlarda farzandlar bu ro‘yxatga kiritilmagan lekin O‘zbekiston hozircha 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarini nomidagi mol-mulkini ham xatlovdan o‘tkazish masalasini ham kiritgan. Mol-mulklar deklaratsiya qilinish jarayonida ko‘ramiz, agar hamma o‘ziga tegishli boyliklarni yoppasiga qarindosh urug‘ining nomiga o‘tkazadigan bo‘lsa, albatta, bu jarayon yana qayta ko‘rib chiqiladi. Bu yerda inson huquqlari masalasi ham bor. Albatta, bu Xalqaro tashkilotlar tavsiyasi”, deydi Akmal Burhonov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil 6 iyulda qabul qilgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.
LiveBarchasi