Modi Rossiyaga jo‘nab ketdi
Olam
−
08 iyul
5511Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Moskvaga uchib ketdi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat rahbari Rossiyaga Moskva vaqti bilan taxminan 14:50 da yetib borishi kutilmoqda.
Hindiston Bosh vaziri jo‘nab ketishidan oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni intiqlik bilan kutayotganini aytib, uni do‘st deb atagan. Modi 22-Hindiston-Rossiya yillik sammitida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif bilan ketayotganini bildirgan.
U Hindiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi alohida imtiyozli strategik sheriklik so‘nggi 10 yil ichida, jumladan, energetika, xavfsizlik, savdo, sarmoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, turizm va odamlar o‘rtasidagi almashuv sohalarida rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “muhim, keng ko‘lamli tashrif” kutilayotganini ma’lum qildi, bunda ikki davlat rahbarlari norasmiy muhitda muloqot qilishlari mumkin. Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov brifingda Kreml “bu tashrifga katta ahamiyat berishini” ta’kidladi.
Ushakovning eslatishicha, Rossiyaga tashrif Hindistonning oxirgi parlament saylovlaridan so‘ng ketma-ket uchinchi marta Bosh vazir bo‘lgan Modi uchun birinchi xorijiy safari bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Moskvadan keyin 9-10 iyul kunlari Hindiston Bosh vaziri Avstriyaga tashrif buyuradi, bu Hindiston hukumati rahbarining so‘nggi 40 yildagi birinchi tashrifi va Modining o‘zi uchun ham birinchi tashrif bo‘ladi.
Shahnoza Halilova
LiveBarchasi