Modi Isroilga bordi (video)
Olam
−
25 fevral 1359 2 daqiqa
Bugun, 25 fevral kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki kunlik tashrif bilan Isroilga bordi. Bu AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib, mintaqada ehtimoliy harbiy to‘qnashuv xavotiri ortib borayotgan bir paytga sodir bo‘ldi. Modi 2017 yilda Isroilga borgan ilk hind bosh vaziri sifatida tarixga kirgan edi. Bu haqda “Reuters” yozdi.
Modi va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu gal sun’iy intellekt, mudofaa va texnologiya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni muhokama qilishi kutilmoqda. Isroil harbiy eksportni oshirishga intilar ekan, ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish niyati bildirilmoqda. Modi parlament – Knessetda nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.
Tashrif mintaqadagi xavfsizlik vaziyati bilan uzviy bog‘liq. AQSH Eron sohillari yaqiniga yirik dengiz kuchlarini joylashtirgan, ehtimoliy zarba ssenariysi muhokama qilinmoqda. Bunday vaziyatda Tehron javob choralari Isroilga yoki Fors ko‘rfazi davlatlaridagi Vashington ob’ektlarga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘sha hududlarda mehnat qilayotgan millionlab Hindiston fuqarolari va mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan pul o‘tkazmalariga ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini oshiradi.
Mutaxassislar fikricha, Dehli mintaqada urush chiqishini istamaydi va muzokara yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, Hindiston Isroildan harbiy texnika xarid qilishga qiziqsa-da, o‘zining an’anaviy mustaqil tashqi siyosat yo‘nalishidan chekinib, rasmiy harbiy ittifoqqa qo‘shilishga ehtiyotkor yondashadi.
Live
Barchasi