MO Shimoliy Kiprni alohida tarozida torta olmaydi – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
19 aprel
10210So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlar 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti yakunida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatuvchi 541- va 550- rezolyutsiyalariga sodiqligini tasdiqlagani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur vaziyatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov ham o‘z munosabatini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlarni birlik va hamjihatligi uchun Markaziy Osiyo iqtisodiy qudratli mintaqaga aylanishi kerak. Shu sabab mintaqa davlatlari rivojlanish imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishga majbur.
“Imkoniyati bo‘lmagani uchun Turkistonni bosib olinishiga rozi bo‘lgan Turkiya, Markaziy Osiyo nima uchun Shimoliy Kipr va Qirimni alohida tarozilarda torta olmasligini to‘g‘ri tushunishi kerak”, deydi deputat.
Qodirovga ko‘ra, turkiy dunyo yetarli darajada sinalib bo‘lgan, endi mustahkam ishonch ildiz otishi kerak.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi
Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Istanbul Topkapi universiteti Siyosatshunoslik va xalqaro aloqalar kafedrasi dotsenti Jihod Yayji Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) a’zo to‘rt davlat va Tojikiston Yevropa Ittifoqi bilan qo‘shma deklaratsiya imzolaganini turk diplomatiyasining obro‘siga og‘ir zarba deb atagan bo‘lsa, Turkiyaning sobiq mudofaa vaziri, Buyuk Millat Majlisi (parlament)ning Milliy Mudofaa Komissiyasi raisi Hulusi Akar Yevropa Ittifoqini Markaziy Osiyoga bosim o‘tkazishda aybladi. Turkiyadan boshqa davlatlar tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) prezidenti Ersin Tatar esa Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan ba’zi davlatlarning Yevropa Ittifoqi bilan tuzgan kelishuvlari normal ekanini, har bir davlat boshqa davlat yoki uyushmalar bilan o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib munosabat o‘rnatishini aytdi.
LiveBarchasi