Markaziy Osiyo Turkiya diplomatiyasiga og‘ir zarba berdi – siyosatshunos

Olam

image

Istanbul Topkapi universiteti Siyosatshunoslik va xalqaro aloqalar kafedrasi dotsenti Jihod Yayji Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) a’zo to‘rt davlat va Tojikiston Yevropa Ittifoqi bilan qo‘shma deklaratsiya imzolaganini turk diplomatiyasining obro‘siga og‘ir zarba deb atadi. U bu haqda Turkiyaning “Haber Global” telekanalidagi chiqishida so‘z ochgan. 

Yayjining so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Kiprning suveren davlat sifatida xalqaro miqyosda tan olinishi Anqara tashqi siyosatida asosiy masala bo‘lib qolayotganini inobatga olgan holda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an diplomatlar va vakolatli amaldorlardan bu masala bo‘yicha albatta tushuntirish talab qiladi. 

“Ayrimlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan mavjud vaziyatning ahamiyatini pasaytirishga harakat qilib, buning go‘yo Turkiya tashqi siyosatiga hech qanday ta’siri yo‘qligini iddao qilmoqda. Bir holatda bu haqiqatni yashirishga urinish bo‘lsa, ikkinchisida bu shunchaki jaholatdir. Bu besh davlatdan to‘rttasi Turkiy davlatlar tashkiloti ishtirokchisi hisoblanadi va Tojikistonda ko‘plab etnik turklar yashaydi. Turkiya barcha davlatlar bilan yaxshi aloqalarga ega. Markaziy Osiyo davlatlari SSSR parchalanganidan keyin, 35 yil avval mustaqillikka erishgan edi. Yillar davomida ular haligacha Shimoliy Kiprni tan olishmadi, lekin turk diplomatiyasining sa’y-harakatlari tufayli ular ham Janubiy Kiprga elchilarni tayinlamadilar va aslida bu davlatni tan olmadilar. Bo‘lib o‘tgan voqea obro‘ va 35 yillik tashqi siyosat harakatlariga zarba bo‘ldi”, deydi u.

Dotsent Turkiya Prezidenti Shimoliy Kiprni xalqaro miqyosda tan olish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish haqida bir necha bor gapirganini va bu borada xalqaro platformalar, jumladan, BMT tomonidan aniq pozitsiyasini bildirganini ta’kidladi. Shuningdek, u Shimoliy Kipr 2022 yilda TDTda kuzatuvchi maqomini olganini eslatdi. 

“Barcha bu sa’y-harakatlar doirasida vaziyat bu tarzda rivojlanmasligi kerak edi. Prezident Erdo‘g‘an, bularning barchasiga yo‘l qo‘ygan mamlakat diplomatlari va boshqa vakolatli amaldorlarini albatta javobgarlikka tortishiga ishonaman”, deydi u. 

Yayjining so‘zlariga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashining 541 (1983) va 550 (1984) rezolyutsiyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, to‘rtta TDT davlati Shimoliy Kiprni bosib olingan hudud sifatida tan olgan. 

“Endi savol tug‘iladi, Shimoliy Kiprning bu tashkilotdagi o‘rni qanday bo‘ladi?” so‘radi Yayji. 

Uning eslatishicha, Samarqanddagi sammitda Yevropa Ittifoqi vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlariga birinchi navbatda O‘rta yo‘lakni rivojlantirish uchun 12 milliard yevro miqdorida sarmoya kiritishni va’da qilgan edi. 

“Turkiya ham O‘rta yo‘lak loyihasining bir qismidir. Aytaylik, bu pul masalasidir. Lekin birinchidan, pul bu davlatlarga yordam sifatida emas, loyihani moliyalashtirish uchun ajratilmoqda. Ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari haqiqatan ham pulga muhtojmi? Masalan, tabiiy gaz va neftga boy Turkmaniston va Qozog‘iston. Savol tug‘iladi: gap moliyalashda ekan, nega Ozarbayjon bularning barchasida ishtirok etmadi? Nega bunday hujjatni imzolamadingiz?”, deydi Yayji.

Eslatib o‘tamiz,  joriy yilning 3-4 aprel kunlari Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.

“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.

541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi

Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyo Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing