SHKTR mashmashasi. Erdo‘g‘anning odami YeIni Markaziy Osiyoga bosim o‘tkazishda aybladi
Olam
−
16 aprel 5636 5 daqiqa
Turkiyaning sobiq mudofaa vaziri, Buyuk Millat Majlisi (parlament)ning Milliy Mudofaa Komissiyasi raisi Hulusi Akar turkiy davlatlarni Shimoliy Kipr Turk Respublikasini aniq va kuchli tan olishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 15 aprel kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasiga (TURKPA) a’zo parlamentlar Milliy mudofaa va xavfsizlik masalalari komissiyasi raislarining “Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash: parlamentlarning o‘rni” mavzusidagi 2-yig‘ilishida so‘zladi.
“Ozarbayjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi paytida bo‘lgani kabi Shimoliy Kipr Turk Respublikasi uchun ham xuddi shunday birdamlik ko‘rsatilishiga ishonaman. Bu faqat Kipr turklarining adolat izlashining emas, balki turkiy dunyoning integratsiya irodasining ko‘rsatkichi bo‘ladi deb o‘ylaymiz”, degan u.
Hulusi Akarning aytishicha, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi Sharqiy O‘rtayer dengizidagi geosiyosiy muvozanat yanada adolatli bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
“Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi bilan o‘rnatgan aloqalarini institutsionalizatsiya qilish qardoshligimizning tabiiy natijasidir. Bu jarayon jadallashib borayotgani bizning umumiy ishimizdir. Shuning uchun Yevropa Ittifoqining Janubiy Kipr rumlarining voizi sifatida harakat qilishini va Shimoliy Kipr Turk Respublikasini o‘z tadbirlariga taklif qilmasligi uchun turkiy dunyo davlatlariga bosim o‘tkazishga harakat qilishini qabul qila olmaymiz. Bu bosimlarga chek qo‘yish uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasining turkiy dunyo tomonidan aniq va kuchli tan olinishi hamda turkiy dunyo xalqaro tashkilotlarida to‘laqonli a’zolik strategiyasi bilan o‘z o‘rnini egallashi barchamiz uchun tarixiy mas’uliyatdir”, degan u.
Ma’lumot uchun, 15 aprel kuni Ozarbayjonning Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasiga a’zo parlamentlar Milliy mudofaa va xavfsizlik masalalari komissiyasi raislarining “Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash: parlamentlarning o‘rni” mavzusidagi 2-yig‘ilishida Hulusi Akardan tashqari, Ozarbayjon Milliy Assambleyasining Mudofaa, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi raisi Arzu Nagiyev, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov, Qozog‘iston Senatining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Amangeldi Nugmonov, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Kengashining Xalqaro aloqalar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Eldar Sulaymonov, TURKPA Bosh kotibi Mehmet Surayyo Er va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan parlamentning Siyosiy ishlar, tashqi aloqalar va mudofaa qo‘mitasi raisi Yasemin O‘zturk ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.
541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy davlatlar tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining huquqiy maqomi
Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentni saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
Live
Barchasi