MXX tashkil topgan kun DXX xodimlari kuni etib belgilandi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2021
1321626 sentyabr Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilning 5 aprelida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi.
Shu sababli 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida 5 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangandi.
Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan. Shu sababdan xavfsizlik xizmati xodimlarining kasb bayramini tarixiy kuniga qaytarildi.
Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 26 sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli farmoniga ko‘ra, KGB o‘rnida MXX tashkil etilishi belgilangan. 2018 yilgacha tizim faoliyati ushbu farmon va Hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlar bilan tartibga solingan.