MXDQning Bishkek boshqarmasi sobiq rahbari hibsga olindi (video)
Olam
−
20:13 1068 3 daqiqa
Kecha, 15 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) Bishkek shahri bo‘yicha boshqarmasi sobiq rahbari Eldr Jaqipbekov hibsga olindi. U joriy yilning 15 apreligacha hibsda saqlanadi. Bunday qarorni Bishkek shahrining Birichi may tuman sudi qabul qilgan. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qirg‘iziston Harbiy prokuraturasi unga “korrupsiya” moddasi bo‘yicha ayblov qo‘ymoqda.
Kuch tuzilmalaridagi manbalarga ko‘ra, u so‘nggi sutka ichida qo‘lga olingan va vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. Ishning tafsilotlari va uning rasmiy maqomi haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq rahbar qo‘lga olinganidan keyin tushirilgani taxmin qilinayotgan surat ham tarqalgan.
Qayd etish joiz, joriy yilning 14 fevral kuni MXDQning poytaxt boshqarmasi rahbariyati almashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Yangi rahbar etib Ulan Bibosunov tayinlangan. Jaqipbekovning qo‘lga olingani haqida ilk xabarlar 10 fevralda paydo bo‘lgan. O‘shanda MXDQbu ma’lumotni rasman rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining O‘sh shahri va viloyati bo‘yicha boshqarma rahbari Salmur Jumabekov egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.
Qayd etish joiz, ushbu voqealar Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zining yaqin hamkori va safdoshi Qamchibek Tashiyevni barcha lavozimlaridan ozod qilishi fonida bo‘lmoqda.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi