Qamchibek Tashiyev 4 yilga qamaldi

Olam

image

Bugun, 2 iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi “75 lar xati” deb nomlangan shov-shuvli jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Ish figurantlari orasida sobiq yuqori lavozimli amaldorlar va siyosatchilar bor. Sud muhokamasi yopiq tartibda o‘tgan bo‘lsa-da, hukm ommaviy ravishda e’lon qilindi. Uni raislik qiluvchi sudya Aziret Mederov o‘qib eshittirdi.

“24.kg” muxbirining sud zalidan xabar berishicha, ishning barcha figurantlari “hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mazkur ish bo‘yicha quyidagilarga hukm o‘qildi:

  • Qamchibek Tashiyev, MXDQ sobiq raisi;
  • Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh sobiq deputati;
  • Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Jogorku Kenesh sobiq spikeri;
  • Bekbolot Talg‘arbekov, jamoat arbobi;
  • Emilbek Uzoqboyev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi;
  • Qurmanbek Diyqanboyev, Jogorku Kenesh sobiq deputati;
  • Aali karashev, sobiq bosh vazir o‘rinbosari va sobiq deputat;
  • Kursan Asanov, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari.

Shu bilan birga, sud figurantlarni “mansab mavqeini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha oqlagan.

Sud mahkumlarga nisbatan uch yil muddatga probatsiya nazoratini qo‘llagan. Shu tariqa, ular jazoni koloniyada o‘tamaydigan bo‘ldi.

Fevral oyidan beri hibsda saqlanayotgan besh nafar ish figuranti sud zalidan ozod qilindi. Bular – Bekbolot Talg‘arbekov, Emilbek Uzoqboyev, Qurmanbek Diyqanboyev, Aali Qarashev va Kursan Asanov.

Majlisdan so‘ng jurnalistlar Qurmanqul Zulushev va Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lidan izoh olishga uringan, biroq ular savollarga javob bermasdan, avtomobillariga o‘tirib, chiqib ketgan.

Qamchibek Tashiyevning advokati Ikromidin Aytqulov hukmdan rozi emasligini va uni yuqori instansiyaga shikoyat qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Qurmankul Zulushevning himoyachisi Baqtibek Jumashev ham himoya tomoni sud qaroridan rozi emasligini va yaqin orada uning ustidan shikoyat kiritishini bildirgan.

Ish figurantlari o‘z ayblarini tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 fevral kuni internet makonida Prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish so‘rovi bitilgan jamoaviy murojaat paydo bo‘lgan edi. Xatni 75 nafar turli jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Oradan hech qancha o‘tmay, 10 fevral kuniyoq Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan mahrum bo‘ldi. Sadir Japarov uning iste’fosini izohlar ekan, jamiyatda tarqoqlik va bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday qarorga kelganini aytgan edi. Aprel oyida Qamchibek Tashiyev va bir qator taniqli siyosatchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing