Qirg‘izistonda yana Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari o‘zgardi
Olam
−
30 iyun 11385 4 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Jumg‘albek Shabdanbekov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi, idora rahbari vazifasini bajaruvchi etib avval bosh prokuror lavozimida ishlab kelgan Maqsat Asanaliyev tayinlanadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning matbuot xizmati xabar berdi.
“Jumg‘albek Shabdanbekov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan MXDQ raisi lavozimidan ozod etildi. Bosh prokuror Maqsat Asanaliyevning iste’fosi qabul qilindi. Maqsat Asanaliyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Asanaliyev nomzodi MXDQ raisi lavozimiga tayinlanishi uchun Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘qorg‘u Keneshiga (Oliy Kengash) kelishish uchun kiritilmoqda. Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Malik Bekturg‘anov zimmasiga bosh prokuror vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, Maqsat Asanaliyev 1978 yil 24 martda Issiqko‘l viloyatining Qorako‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Qirg‘iziston milliy universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. Faoliyatini davlat xavfsizlik organlarida boshlab, MXDQ tergovchisi va o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi lavozimlarida ishlagan. Keyinchalik prokuratura va huquq-tartibot organlari tizimida rahbarlik lavozimlarini egallagan.
Maqsat Asanaliyev 2024 yilda Qirg‘iziston Bosh prokurori etib tayinlangan. Professional doiralarda Asanaliyev o‘zining qat’iy ish uslubi va shov-shuvli jinoyat ishlarini tergov qilishdagi prinsipial pozitsiyasi bilan tanilgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu fazilatlar uning nomzodini MXDQ rahbari lavozimiga ko‘rib chiqishda asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevralida, Qamchibek Tashiyev ishdan olinganidan keyin Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.
Ayni paytda Tashiyev “75 lar xati” deb atalayotgan ishda figurant bo‘lib turibdi va sud jarayoni davom etmoqda. Tergov maxsus xizmatning sobiq rahbarini hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblamoqda. U bilan birga sudlanuvchilar kursisida yana yetti kishi o‘tiribdi: sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jo‘qorg‘u Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Bekbolot Talg‘arbekov, Qursan Asanov, Qurmanbek Diykanbayev, Ali Qarashev va Qirg‘izistonning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emil Uzoqboyev. Kecha, 29 iyun kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahar Birinchi may tuman sudida hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan davom etayotgan sudda prokurorlar ishga aloqador har bir ayblanuvchiga nisbatan 9 yillik qamoq jazosi so‘radi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi