Miyasida o‘simtasi bor 6 yoshli qizaloq Moskvaga ucholmayapti. Oilaning umidi Tashqi ishlar vazirligidan
Jamiyat
−
24 mart 2020
7394Shu kunlarda koronavirus omili ko‘plab davlatlar uchun bosh og‘rig‘i bo‘layotgani ayni haqiqat. Davlatlararo qatnovlarning uzilishi nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga, balki ko‘p oilalarning turmushiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Koronavirus ortidan to‘xtatilgan qatnovlar sabab poytaxt Toshkentning Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi Sharapovlar oilasi aziyat chekmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining qizi og‘ir kasalligi, biroq Rossiya davlatiga davolanishga bora olmayotgan Nargiza Sharapova chorasiz holatda.
QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi bemor holidan xabar olish uchun Oqtepa massivida bo‘ldi. Ayolning aytishicha, 6 yoshli farzandi zudlik bilan Moskvaga olib borilishi kerak, biroq qatnovlar to‘xtatib qo‘yilgan.
“O‘tgan yil noyabr oyida qizimning kasal bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Uning boshida o‘simta bor ekan. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy Markazida zudlik bilan operatsiya qilindi va boshidagi o‘simta olib tashlandi. Uch hafta jonlantirish bo‘limida yotdi. Bizga 23 dekabrida shifoxonadan javob berishdi.
O‘simta tez o‘suvchi va xavfli ko‘rinishdagi turi ekan. Bizda buni davolashning iloji yo‘q bo‘lgani sababli, Rossiyadagi klinikalarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Rossiyalik shifokorlarga hujjatlarimizni jo‘natdik. Bolamning tashxisini ko‘rib darrov aloqaga chiqishdi. Ular biz tezkorlik bilan uchib borishimiz kerakligini aytishdi. Biroq, bu yil boshida qizimning holati og‘irlashib qoldi. Medulloblastoma (miyadagi shish) xuruj bergani sababli uchishni ko‘tara olmaydi. Bizdagi onkologiya bo‘limlarida ham kerakli uskuna va mutaxassislar yo‘q ekan. Moskvadagi klinikalarda bunday sharoit bor bo‘lib, ko‘p mablag‘ ketarkan. Biz boshqa odamlar yordami, shuningdek o‘zimizning buyumlarimizni sotish evaziga mablag‘ni yig‘dik. Biroq, endi bu koronavirus muammosi chiqib turibdi.
17 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligiga yordam berish uchun murojaat qildim. “Hech bo‘lmasa, vazirlik yordami bilan uchib ketaylik”, degandim. 20 mart kuni vazirlik bunga hech qanday qarshiligi yo‘qligini aytib, xat jo‘natdi. Shu orada Rossiya elchixonasiga ham murojaat qildim. Elchixonaga borganimda yarim soatga qolmay javob berishdi. Facebook’dagi sahifamga ham javob yo‘llashdi. “Biz tayyormiz yordam berishga. Biroq O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqib ketishi mumkin emasligi sababli, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi orqali murojaat qilsangiz, o‘shanda qo‘ldan kelgancha yordam beramiz” deb ochiq tarzda javob yo‘llashdi.
O‘sha kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga “Farzandimning kasalligi bois, mamlakatdan chiqishim uchun yordam bering”, deb iltimosnoma yozdim. Lekin hozirgacha javob yo‘q. Agarda 25 martgacha davolanishga bormasak, farzandimning holi nima kechadi?! Yo‘q joydan bolam yana zaxarlanib, qayta kimyoterapiya olishga majbur bo‘ladi. Qizimning har kungi dorilar qabul qilish tartibi mavjud. Agar ruxsat 30 mart kuni tegsa ham, uchib keta olmayman. Keyingi kursni kutishga to‘g‘ri keladi. Unda qanaqa holat bo‘ladi, bizga qorong‘u”, deydi ona ko‘zida yosh bilan.
Mamlakatdagi holat qanchalik darajada jiddiy ekanini anglab turibmiz. Biroq bu onaning murojaati murg‘ak qizalog‘ining hayotini saqlab qolish uchun oxirgi umid uchqinidek, go‘yo. Qo‘lida mablag‘i, hamma imkoni bor onaning yurak nolasini ro‘yobga chiqarish juda murakkab jarayon emas. Shunchaki, tashkiliy masala... Ayni vaqtda pandemiya darajasida tarqalayotgan, o‘ta xavfli kasalliklar qatoriga kirmaydigan koronavirus uning ko‘zlariga vahimali ko‘rinmayapti. Chunki, ko‘z-qorachig‘i bo‘lgan farzandining miyasida portlash arafasidagi saraton bor.
O‘ylaymizki, mutasaddilar koronavirus fonida bu ayolning dardiga ham malham topadilar.
LiveBarchasi