Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi bayonoti ortidan Rossiya elchisi TIVga chaqirtirildi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
58441Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplari ortidan Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov bugun, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.
“Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi”, deyiladi xabarda.
TIV bayonotida Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlar o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.
O‘z navbatida, Oleg Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Zaxar Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi Malginov O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmaganini urg‘ulagan. Shuningdek, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.
LiveBarchasi