Misrda Vizantiya davriga oid shahar qoldiqlari topildi

Bu qiziq

image

Arxeologlar Misr g‘arbidagi Liviya sahrosida joylashgan Daxla vohasida Vizantiya imperiyasi tarkibiga kirgan IV asrga oid shahar qoldiqlarini aniqladi. Bundan tashqari, Aleksandriya yaqinidagi Marina-el-Alameyn hududidan 18 ta qadimiy maqbara – 11 ta qoyaga o‘yib ishlangan va 7 ta yer usti qabri topilgan. Bu haqda mamlakat Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligiga tayanib “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Daxla vohasida shimoldan janubga va sharqdan g‘arbga qarab kesishgan ko‘chalardan tarkib topgan mavzelar topilgan. Turarjoyning bosh ko‘chalariga qaragan chekka qismida ibodatxona va ikkita kuzatuv minorasining qoldiqlari joylashgan. Ushbu hududda, shuningdek, qalin mustahkamlangan devorlarga ega mudofaa inshootlari va gumbazli tom ostidagi turarjoy binolari ham aniqlangan. Ulardan biri diakon (ruhoniy yordamchisi) uyi deb topilgan bo‘lib, undan ibodatxona qurilguniga qadar cherkov sifatida ham foydalanilgan.

Arxeologlar, shuningdek, non yopish uchun mo‘ljallangan pechlar, oshxona anjomlari va mahsulotlarni maydalash uchun tosh qurollarni topgan. Bundan tashqari, Vizantiya imperatorlarining portretlari, lotincha yozuvlar va nasroniylik ramzlari tushirilgan, yaxshi saqlangan bronza tangalar hamda Rim imperatori Konstansiy II hukmronlik qilgan davrga (miloddiy 337 yildan 361 yilgacha) oid oltin tangalar topilgan.

Marina-el-Alameynda esa sopol idishlar, amforalar, chiroqlar, likoplar, qurbongohlar va ohaktoshli kosalar, dafn marosimi doirasida marhumlarning og‘ziga solingan to‘rtta oltin tanga, shuningdek, ichida skelet qoldiqlari bo‘lgan 2,5 metrli granit sarkofag va uning yonidan gipsdan yasalgan sfinks haykalining parchalari topilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro arxeologlar guruhi Meksika junglilarida ilgari noma’lum bo‘lgan, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ming yildan ortiq vaqt davomida yashirin bo‘lib kelgan Mayya sivilizatsiyasiga tegishli shaharni aniqlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing