Misrda 5 o‘zbekistonlik hibsga olindi (video)

Olam

image

Avvalroq, Misrda o‘zbekistonlik talabalarga nisbatan reydlar o‘tkazilib, hech qanday sababsiz qo‘lga olinayotgani haqida QALAMPIR.UZ'ga murojaat kelib tushgandi. Unda talabalarning hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, ularni zo‘ravonlik bilan, uylariga bostirib kirib olib ketishayotgani aytilgandi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, elchixona vakillari tomonidan Qohira shahrining Nasr shaharchasida joylashgan mas’ul politsiya bo‘limlariga qo‘shimcha tashriflar va muloqotlar amalga oshirilgan. Bugun, 13 may holatiga ko‘ra, ko‘plab xorijliklar qatorida 5 nafar o‘zbekistonlik mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli ushlab turilgani aniqlangan.

Shu bilan birga, 1 nafar o‘zbekistonlikni uning Misr hududida qonuniy asosda bo‘lib turganini tasdiqlovchi aniq hujjatlari taqdim etilganidan so‘ng vaqtincha saqlash markazidan chiqarishga erishilgan.

“Qolgan fuqarolarning holati yuzasidan mahalliy qonunchilik doirasida o‘rnatilgan tartibda huquqiy baho berilishi va qaror qabul qilinishi ta’kidlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Elchixona tomonidan tegishli tezkor huquqiy yordamni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bu kabi tekshiruv tadbirlari davomida ushlangan fuqarolar yuzasidan elchixonaga kechiktirmasdan ma’lum qilish tavsiya etilgan. Buning uchun elchixonaning +20233364516, +20233361723 raqamlariga yoki Telegram'dagi @shtabegypt manziliga bog‘lanish mumkin.

Shu o‘rinda, o‘zbekistonliklardan Misrda bo‘lish qoidalariga qat’iy amal qilish so‘ralgan. Ularning mamlakatda bo‘lishi va harakatlanishi davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yashash uchun ruxsatnoma (iqoma) yoki talabalik kartalarini (universitet, institut va h.k.) doim o‘zlari bilan birga olib yurish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Misrda qo‘lga olingandi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Misr o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing