Misr qirolichasining 673 ta olmosli marjoni o‘g‘irlab ketildi

Olam

image

Avstriyaning Vena shahridagi Amaliy san’at muzeyidan Misrning sobiq qirolichasi Nazli Sabriga tegishli bo‘lgan 673 ta olmos bilan bezatilgan marjon o‘g‘irlandi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 27 avgust kuni muzey ish vaqtida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki erkak ko‘rgazmaga oddiy tashrif buyuruvchilar kabi kirgan. Ular bolg‘a yordamida zargarlik buyumi saqlangan shisha vitrinani sindirib, marjonni olib qochgan. Hodisa vaqtida muzeyda boshqa tashrif buyuruvchilar ham bo‘lgan, biroq hech kim jabrlanmagan.

200 karatli platina marjon 1939 yilda Misr qirolichasi Nazli uchun tayyorlangan. U marjonni qizi, malika Favziyaning Eron valiahd shahzodasi Muhammad Rizo Pahlaviy bilan to‘yida taqqan. Mazkur zargarlik buyumi 2015 yilda Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksionida 4,3 mln dollarga sotilgan.

Avstriya politsiyasi gumondorlarning xavfsizlik kameralariga tushgan suratlarini e’lon qilgan. Ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Marjon namoyish etilgan ko‘rgazma esa vaqtincha yopilgan.

Ma’lumot uchun, Nazli Sabri 1894 yilda Iskandariyada tug‘ilgan. U 1919 yilda Misr qiroli Fuad I ga turmushga chiqqan va 1922 yilda qirolicha maqomini olgan. Ularning besh nafar farzandi bo‘lgan, o‘g‘li Faruq keyinchalik Misr qiroli bo‘lgan. Nazli 1952 yilgi Misr inqilobidan so‘ng mamlakatni tark etgan va 1978 yilda Los-Anjelesda vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq noma’lum shaxslar Ispaniyaning Vilena shahridagi MUVI muzeyini to‘nab ketgandi. Ular yoshi 3000 yildan ortiq deb baholanuvchi bronza davriga oid oltin taqinchoqlar – “Vilena xazinalari”ni o‘g‘irlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing