Misr G‘azoni qayta qurmoqchi

Olam

image

Misr Tashqi ishlar vaziri Badr Abdul Ati Misr davlati G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha keng qamrovli va ko‘p bosqichli rejani ishlab chiqayotganini aytdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Bildirilishicha, ushbu reja Prezident Donald Trampning Falastinni AQSH o‘z qo‘liga olishi uchun hududdan aholini chiqarish haqidagi taklifiga qarshi harakat hisoblanadi. Loyiha aholi yashashi mumkin bo‘lgan xavfsiz hududlarni tashkil etish, Misr va xalqaro qurilish firmalari tarmoq infratuzilmasini olib tashlab, yangisini barpo etish kabi ishlarni o‘z ichiga oladi.

“Misr rasmiylari bu rejani yevropalik diplomatlar, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan muhokama qilgan. Shuningdek, ular rekonstruksiyani moliyalashtirish yo‘llarini, jumladan, G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni ham muhokama qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Unga qo‘shimcha qilinishicha, taklif hali ham muhokama qilinayotgani uchun rasmiylar va diplomatlar anonim qolishni xohlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilar ekan, AQSH Prezidenti Vashington G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatishini va “barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash uchun javobgar bo‘lishini”, qirg‘oq chizig‘ini “Yaqin Sharq Rivrasi”ga aylantirishini aytgandi.

“Biz uni rivojlantiramiz, minglab ish o‘rinlarini yaratamiz. Bu butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi”, deb va’da berdi Tramp.

Shundan so‘ng, Donald Tramp G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirishni taklif qildi. Netanyaxu Trampning tashabbusini ma’qullab, uni “inqilobiy” deb atadi.

O‘z navbatida, falastinliklar, qator arab davlatlari va AQSHning G‘arb ittifoqchilari respublikachini tanqid qilib, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi.

Tanqidlarga qaramay, 10 fevral kuni Donald Tramp G‘azo sektorini sotib olish niyatini tasdiqladi.

“Uni qayta tiklashga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga berishimiz mumkin, ular hududining bir qismini qurishi mumkin; boshqa odamlar buni bizning homiyligimiz ostida amalga oshirishi mumkin”, deydi u.

Tramp, shuningdek, AQSHning ittifoqdoshlari Iordaniya va Misr, agar falastinliklarni G‘azo bo‘yicha bahsli rejasini qabul qilishdan bosh tortsa, ularga yordam berishni “nazariy” to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Donal'd Tramp Misr Falastin G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing