G‘azo bo‘yicha sulh tuzildi. Urush tugadimi?
Tahlil
−
16 yanvar 8203 7 daqiqa
G‘azo sektorida 15 oy davom etgan genotsiddan so‘ng, HAMAS va Isroil va nihoyat vositachilar orqali o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishdi. Isroil va G‘azodagi odamlar xushxabarni mamnuniyat bilan kutib oldi, G‘azodagi Dayr al-Balah va Isroilning Tel-Aviv ko‘chalarida bayramlar boshlandi.
15 yanvarda turli axborot agentliklari kelishuvga erishishga yaqin qolganini xabar qila boshladi va muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etgan Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon Ol Soniy Dohadagi matbuot anjumanida buni tasdiqladi va kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
“Qatar, Misr va Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektoridagi mojaro tomonlari garovga olinganlar va asirlarni almashish va o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlikni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishgan qo‘shma vositachilik sa’y-harakatlari muvaffaqiyatini e’lon qilishdan mamnun”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “har ikki tomon ham, muzokarachilar ham 15 yanvar kuni tunda barcha texnik protseduralarni yakunlashga kelishib olgan. Isroil hukumati keyin ichki tartiblarni yakunlaydi, shundan so‘ng 19 yanvar, yakshanba kuni kelishuvni amalga oshirish boshlanadi. Qatar hukumati rahbari kelishuvni amalga oshirishning boshlanish vaqti keyinroq belgilanishini qayd etdi.
“Tafsilotlarga kelsak, kelishuvning birinchi bosqichi 42 kun davom etadi, bu davrda o‘t ochishni to‘xtatish tartibi joriy etiladi, Isroil kuchlari G‘azoning barcha hududlari chegarasiga joylashtirilishi uchun tinch aholi punktlaridan uzoqda sharqqa chekinadi. Muayyan mexanizmga ko‘ra, garovga olinganlar va asirlarni almashish amalga oshiriladi", dedi u.
Qatar Bosh vazirining aniqlik kiritishicha, birinchi bosqichda ikkinchi va uchinchi bosqichlar tafsilotlari kelishib olinadi. U HAMAS Isroil bilan tuzilgan kelishuvning birinchi bosqichida Isroil qamoqxonalari va hibsxonalaridagi falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga 33 nafar garovga olinganlarni, jumladan tinch va harbiy ayollar, bolalar, keksalar va yaralangan tinch aholini ozod qilishini tasdiqladi. Kelishuv birinchi bosqichda 42 kunlik otashkesim va G‘azo sektorida garovga olinganlarning bir qismini ozod qilishni ko‘zda tutadi. Bunga javoban Isroildagi falastinlik mahbuslar har bir Isroil fuqarosi uchun 30 falastinlik va har bir askar uchun 50 falastinlikdan ozod qilinishi kerak.
"Ushbu kelishuvni amalga oshirishga kelsak, u mojaro ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan. Eng yaxshi kafolat – tomonlarning unda aytilgan narsaga sodiqligi. Mediatorlar tomonidan muzokaralar va amalga oshirish bo‘yicha qadamlar davom etishi kafolatlari bor. Ikkinchi bosqichda Isroil qo‘shinlari to‘liq olib chiqilishi va urush tugashi e’lon qilinishi kerak, yaqin kunlarda bu kelishuvni mustahkamlash choralari ko‘riladi”, dedi Tashqi ishlar vaziri.
AQSH Prezidenti Jo Bayden ham HAMAS va Isroil o‘rtasida sulhga erishilgani bo‘yicha maxsus murojaat bilan chiqdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda barcha amerikalik garovga olinganlar ozod qilinadi. ikkinchi bosqich barcha garovga olinganlarni ozod qilish va qo‘shinlarni olib chiqish jarayonining yakunlanishini nazarda tutadi, uning fikricha, bu "urushning to‘liq tugashi"ni anglatadi.
"Agar tomonlar o‘rtasida barcha tafsilotlar bo‘yicha muzokaralar cho‘zilsa, birinchi bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tish olti haftadan ko‘proq vaqtni olishi mumkin, biroq bu vaqt ichida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda bo‘ladi", dedi Bayden.
Ayni damda AQSHning ham amaldagi rahbari Jo Bayden, ham bir necha kundan so‘ng prezidentligini boshlaydigan Donald Tramp kelishuvda o‘zining roli katta bo‘lganini aytmoqda. Bayden garchi uning ma’muriyati kelishuvga erishishda Donald Trampning yangi ma’muriyati bilan "bir jamoa bo‘lib ishlaganini" aytgan bo‘lsa-da, Prezident kelishuvni yakunlashda o‘zining va ma’muriyatining rolini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv doirasi 2024 yil may oyida birinchi marta joriy qilgan rejaning "aniq konturlariga" amal qilgan. Matbuot anjumani tugashi bilanoq, Baydendan kelishuvga kimning sharofati bilan erishilganini so‘ralgan - u yoki Trampning. Bayden esa orqasiga o‘girilib, "bu hazilmi?" deya zalni tark etgan.
Oldinroq G‘azoda garovga olinganlar 20 yanvargacha ozod qilinmasa, buning uchu javobgarlar o‘ta qattiq jazolanishi bilan tahdid qilgan Tramp esa Truth Social'da “epik” kelishuv faqat noyabrdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongani uchungina mumkin bo‘lganini yozdi.
"Bu butun dunyoga mening ma’muriyatim tinchlikka intilishi va barcha amerikaliklar va ittifoqchilarimizning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borishi haqida signal berdi", deb yozadi u.
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi so‘nggi kunlarda kuchga kirganligi sababli, ikki ma’muriyat o‘zaro hamkorlikda ishladi. Masalan, Baydenning vakili Brett Makgurk ham, Trampning vakili Stiv Uitkoff ham muzokaralar yakuniga yetgan paytda Dohada edi.
Hozir rasmiy bo‘lgan kelishuv Baydenga o‘z prezidentligini yuqori notada tugatish imkoniyatini beradi.
Tramp esa 20 yanvar kuni Yaqin Sharqda davom etayotgan urush muammosiga zudlik bilan duch kelmasdan qasamyod qiladi. Amerikalik garovga olinganlar bir necha hafta ichida AQSHga qaytib, o‘z oilalari bilan uchrashganda, saylangan prezident bayramlarda ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi mumkin. Bu his-tuyg‘ular yangi prezidentga ikkinchi muddatini yaxshi kayfiyatda boshlashiga yordam berishi mumkin.
Kelishuvga qaytadigan bo‘lsak, Qo‘shma Shtatlar, Qatar va Misr HAMAS va Isroil o‘rtasidagi sulhning kafillari sifatida harakat qiladi. AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning aytishicha, Misr va Qatar HAMASga, AQSH esa Isroilga bosim o‘tkazadi.
"Biz bu kelishuv haqida doimo aytgan narsalarimizdan biri shundaki, biz birinchi bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tganimizda, AQSH, Misr va Qatar bu kelishuvning kafillari bo‘ladi. Misr va Qatar HAMASga muzokara stolida qolish va birinchi bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tish uchun bosim o‘tkazadi. AQSH Isroilni muzokara stolida qolishga va birinchi bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tishga undaydi", dedi Miller.
"Nazorat mexanizmi mavjud. Misr, Qatar va Qo‘shma Shtatlar uni Qohirada yaratishga kelishib oldilar, uch davlat ishchi guruhlari kelishuvning bajarilishini nazorat qiladi. Biz tomonlar kelishuv shartlariga rioya qilishlarini kutamiz. Biroq bunday hujjatlar juda murakkab, muammolar paydo bo‘lishi mumkin, ammo biz ular bilan shug‘ullanishga qaror qildik", deya qo‘shimcha qildi Qatar hukumati rahbari.
HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Halil al-Haye ham kelishuvga erishilganini tasdiqlab, Turkiya, Janubiy Afrika, Jazoir, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlarga falastinliklar va G‘azodagi mazlumlarning huquqlarini qo‘llab-quvvatlagan adolatli pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirdi. U o‘z bayonotida, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida olib borayotgan genotsid urushida hech bir maqsadiga erisha olmaganini aytib, falastinliklar G‘azo sektorini qayta qurishga qodir ekanligini ta’kidladi.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog kelishuvni to‘g‘ri va zarur qadam deb atadi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga G‘azodagi yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. Kelishuvni ma’qullash uchun Isroil Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bugun, 16 yanvar kuni ertalab o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bugun Qohirada kelishuvning barcha jihatlari bo‘yicha amalga oshirilishini muhokama qilish uchun uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Xullas, yuqorida aytganimizdek, G‘azoda sulhga erishilganidan ko‘pchilik xursand. Falastinliklar ham, isroilliklar ham bayram qilmoqda. Jahon yetakchilari ham kelishuvni olqishlamoqda. Masalan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelishuvni amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashga va anklav aholisiga insonparvarlik yordamini ko‘paytirishga tayyor ekanini aytdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham sulh mintaqaga foyda keltirishiga umid bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya G‘azo sektorini tiklash va aholiga yordam berish uchun barcha imkoniyatlari va vositalarini safarbar qilmoqda. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa kelishuv doimiy bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Isroil va Falastin xalqi uchun yaxshi kelajakni ta’minlash yo‘llarini ishlab chiqish xalqaro hamjamiyat uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini aytdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa kelishuvni g‘azoliklar uchun yengillik deb atadi. U, shuningdek, mojaroga siyosiy yechim topishga chaqirdi.
Ammo, OAV xabarlariga ko‘ra, Isroil kuchlari G‘azo sektori bo‘ylab hujumlarini davom ettirmoqda va kelishuv e’lon qilinganidan beri anklavda kamida 40 falastinlikni o‘ldirgan. Bundan ko‘rinadiki, urush hali tugamadi.
Qayd etish joiz, 2023 yil noyabr oyining oxirida ham Misr va Qatar vositachiligida G‘azo sektorida bir haftalik gumanitar sulh o‘rnatilgan edi. Shu vaqt ichida Isroil ma’lumotiga ko‘ra, 110 nafar garovdagi shaxs ozod qilingan. Ammo o‘sha yilning 1 dekabr kuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilib, Falastin anklavida jangovar harakatlar qayta boshlangan. 2024 yilda Misr, Qatar va AQSH ishtirokida o‘tkazilgan bir necha muzokaralar davomida esa tomonlar kelishuv parametrlarini muhokama qilishda kelishuvga erisha olmagandi.
Umid qilamizki, bu galgi kelishuv kuchga kiradigan 19 yanvardan keyin qon to‘kilishi bo‘lmaydi va buni nazorat qilishga va’da berganlar o‘z so‘zida turadi.
Live
Barchasi