“Misli ko‘rilmagan tahdid”. Dunyo SIning yalang‘ochlash funksiyasidan xavotirda
Olam
−
13 fevral 4768 2 daqiqa
Yevropa Komissiyasi, Interpol va ko‘plab tashkilotlar sun’iy intellektning yalang‘ochlash vositalarini taqiqlashga chaqirdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
“Amnesty International” va Yevropa Komissiyasi kabi bir qator yirik global tashkilotlar sun’iy intellektning yalang‘ochlash funksiyasini taqiqlashni talab qilgan. 100 dan ortiq yirik gumanitar va bolalarni himoya qilish tashkilotlari sun’iy intellektni yalang‘ochlash ilovalari va vositalariga qarshi shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgan.
Bu harakat Grok’ga nisbatan noroziliklardan so‘ng paydo bo‘lgan. Foydalanuvchilar Ilon Maskning AI-chatboti Grok’dan ayollarning raqamli fotosuratlaridan kiyimlarni olib tashlashni so‘ragan. Keyin roziliksiz va soxta suratlar millionlab odamlar ko‘rishi uchun X ijtimoiy media platformasida joylashtirilgan. Hozirga qadar Grok 3 millionga yaqin odamlarning yalang‘och suratlarini yaratgan, deb taxmin qilinmoqda.
Sun’iy intellekt vositalari tomonidan yaratilgan suratlar ko‘proq shantaj, majburlash va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari bilan bog‘liq bo‘lib, qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar.
Global koalitsiya ushbu yalang‘ochlash ilovalari va vositalari bolalar xavfsizligi va inson qadr-qimmatiga jiddiy va qabul qilib bo‘lmaydigan tahdid tug‘dirishini aytmoqda.
“Yalang‘ochlash vositalari farzandlarimiz uchun misli ko‘rilmagan tahdid yaratdi. Inson salohiyatini kengaytirishi kerak bo‘lgan texnologiya – sun’iy intellekt bolalarga qarshi qurol sifatida ishlatilmoqda. Biz zararni “onlayn” deb atash orqali minimallashtiramiz, go‘yo bu jismoniy dunyoda sodir bo‘ladigan narsalarga qaraganda unchalik jiddiy emasdek, lekin travma haqiqiy”, deydi “Safe Online” rahbari Mariya Manoylovich.
Uning aytishicha, ko‘pincha kattalar ilovalari sifatida reklama qilinishiga qaramay, ular tobora ko‘proq bolalarning hech qanday roziligisiz, samarali to‘siqlarsiz yoki javobgarliksiz noqonuniy jinsiy rasmlarini yaratish uchun foydalanilmoqda. Texnologiya kompaniyalari bolalarning yalang‘ochlangan kontentini aniqlash va bloklash imkoniyatiga ega. Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini tarqatish har bir yurisdiksiyada noqonuniy hisoblanadi va texnologik platformalar boshqa yaratish va tarqatish kanallari bilan moslashtirilishi kerak.
Sun’iy intellektning yalang‘ochlash texnologiyalarini taqiqlash bo‘yicha bosim kuchayib bormoqda. Himoyachilar ular hech qanday yaxshi maqsadga xizmat qilmasligini da’vo qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya sun’iy intellektdan xavfsiz foydalanishni tartibga soluvchi keng qamrovli qonunni rasman qabul qilgani haqida xabar berilgandi.
Javohir Aliqulov