Mishustin va Aripov energetika bo‘yicha muhokama o‘tkazadi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
4533Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirlari Mixail Mishustin va Abdulla Aripov bugun, 18 sentyabr kuni sanoat, energetika va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qiladi. Bu haqda Rossiya Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatiga tayanib TASS xabar qildi.
Unga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishida har ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli sohalarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
“Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘zaro manfaatli boshqa sohalarda bo‘lgani kabi sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, fan va ta’lim sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi”, deyilgan xabarda.
Shuningdek, Rossiya tomonining fikricha, jahon iqtisodiyotidagi notinchlik sharoitida Rossiya-O‘zbekiston aloqalari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy tomonlama jadal rivojlanmoqda.
“Rossiya hukumati vakillari energetikani O‘zbekiston bilan “ikki tomonlama hamkorlikning eng muhim yo‘nalishi” deb ataydi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish nafaqat ikki davlat manfaatlariga javob beradi, balki Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini ham ta’minlaydi”, degan Rossiya Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, Rossiya hukumati idorasi Rossiya O‘zbekistonning “asosiy savdo sherigi” ekanini aytib, 2022 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash 2021 yilga nisbatan qariyb uchdan birga oshgani va 8,7 milliard dollarga yetganini eslatgan.
Joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 14 foizdan ortiq o‘sgani va 5,2 milliard dollarga yetgani ham qo‘shimcha qilingan.
Qolaversa, Rossiya hukumati idorasi O‘zbekistonni “strategik hamkor” va “ittifoqchi” deb atagan.
“O‘zbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ishonchli strategik hamkori va ittifoqchisi hisoblanadi. Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi va an’anaviy do‘stona xarakterga ega. So‘nggi paytlarda esa Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda”, deya ta’kidlaydi Rossiya hukumati.
Moskva 2020 yil oxirida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgan O‘zbekiston ushbu assotsiatsiya bilan faol hamkorlik qilayotganini bildirdi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston MDHda, jumladan, terrorizm va ekstremizm, jinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda ham hamkorlik qiladi. Shu bilan birga Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi Moskva va Toshkent hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni samarali, deb hisoblaydi.
“Rossiya Federatsiyasi hukumati insonparvarlik va ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ma’lumot o‘rnida, Rossiyadagi talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston yaqin va uzoq xorij davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda 63 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari barcha turdagi oliy ta’lim dasturlarida tahsil olmoqda. Rus tili O‘zbekistonda yashovchi 130 dan oshiq etnik guruhlarning millatlararo muloqot tili hisoblanadi. O‘zbekistonda rossiyalik 150 ga yaqin o‘qituvchi mehnat qiladi. 1000 nafardan ortiq mahalliy o‘qituvchilar malaka oshirish kurslarini tamomladi. Hozirda O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 14 ta filiali, jumladan, Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti faoliyat ko‘rsatmoqda”, deyilgan rasmiy xabarda.
Ma’lumot uchun, ikki davlat prezidentlari tashabbusi bilan tuzilgan qo‘shma komissiyaning bugungi yig‘ilishi 2019 yildan buyon to‘rtinchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning dekabr oyida Aripov va Mishustin migratsiyadan tortib bojxonagacha 10 dan ortiq hujjatlarni imzolagan edi.
LiveBarchasi