Prokuratura, ichki ishlar organlari va DXXda yangi lavozim joriy etiladi
Jamiyat
−
14 aprel 2020
20407Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Prezidenti farmoni loyihasi joylashtirildi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Milliy gvardiyasining tergov organlarida surishtiruvchi va tergovchi lavozimiga kadrlar zaxirasini yaratish, yosh mutaxassislarda tergov harakatlarini o‘tkazish ko‘nikmalarini shakllantirish, ushbu sohada “ustoz-shogird” an’analarini mustahkamlashga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik bildirish ko‘zda tutilgan:
• prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarida belgilangan shtatlar jadvali doirasida “tergovchi-yordamchi” lavozimini joriy etish va ushbu lavozimga ta’lim muassasini tugatgach mazkur organlarga ilk bor xizmatga qabul qilingan xodimlar tayinlanishi hamda mazkur lavozimda bir yil davomida xizmat olib borishi;
• prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlariga mustaqil tergovchi sifatida tayinlanishida xodimning “tergovchi-yordamchi” lavozimida faoliyat yuritgani birinchi navbatda inobatga olinadi;
• birinchi marotaba mustaqil tergovchi lavozimiga tayinlangan shaxsni uch yil davomida boshqa sohaviy yo‘nalishlarga, shu jumladan yuqori tergov organlariga tergovchi lavozimlariga xizmatga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;
• birinchi marotaba mustaqil tergovchi lavozimiga tayinlangan shaxslarga ushbu lavozimlarda ko‘p yillar samarali mehnat qilib, tegishincha prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan shaxslar orasidan murabbiy biriktirish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har uch yilda surishtiruvchi va tergovchilarning professional malakasi va tajribasini oshirishga hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek tergovchilarning xalqaro miqyosdagi reytingini ko‘tarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi professional surishtiruvchi va tergovchilar simpoziumini o‘tkazadi.
Shuningdek, prokuratura, DXX va IIV Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda murakkab, ko‘p epizodli va o‘ta og‘ir jinoyatlarning fosh etilishi jarayoni hamda tergovi xususida asarlar, kino va sahna asarlari yaratish choralarini ko‘radi.
Bundan tashqari, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining surishtiruvchi va tergovchilari o‘rtasida idoralararo “Yilning eng yaxshi surishtiruvchisi” hamda “Yilning eng yaxshi tergovchisi” tanlovlari joriy etiladi.
LiveBarchasi