Mirziyoyevning Turkiya safari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Jamiyat
−
09 noyabr 2021
6536Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy haftada Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga borishi haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning safari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, davlat rahbari 11-12 noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan bo‘ladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Davlat rahbari tashrifi dasturida Istanbul shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida kechgan telefon orqali muloqotda ham Prezidentlar Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining kutilayotgan sammiti xususida fikr almashganlar. Shuningdek, joriy yilning 5 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va bugun, 8 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning qabulida bo‘lgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev Prezidentlar bilan joriy haftada o‘tadigan sammit borasida suhbatlashgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishi ortidan tashkilotning mavqei ham, imkoniyatlari ham ortdi. O‘z o‘rnida ushbu hamkorlik O‘zbekistonga ham foydali bo‘lib bormoqda. Buni birgina 2018–2021 yillarda O‘zbekistonning Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya bilan tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
2018 yilda O‘zbekistonning yuqoridagi 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard 957 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu raqamlari 7 milliard 353 milliongacha ko‘tarildi. Pandemiya o‘zaro tovar ayirboshlashga ancha zarba yetkazgan bo‘lsa ham 2020 yildagi ayirboshlangan tovarlarning umumiy qiymati 6 milliard 740 million 70 ming dollarga yetgan.
2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida esa 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard 567 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Yil yakunigacha ushbu raqamlar 8 milliardga yetishi ehtimoli yuqori.