Mirziyoyevning Ozarbayjonga otlanayotgani aytildi
Jamiyat
−
07 iyul 2023
9715O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda 5 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda so‘z borgan.
Qo‘shilmaslik harakati muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bakuga borgan Baxtiyor Saidov Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning qabulida bo‘lgan.
Baxtiyor Saidov Prezident Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va samimiy tilaklarini yetkazgan. O‘z navbatida Aliyev ham Saidov orqali Mirziyoyevga salom yo‘llagan.
Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan berilgan topshiriqlar asosida faoliyat davom ettirilayotganini ta’kidlab, belgilangan barcha maqsadlar diqqat markazida ekanini aytgan.
Prezident Ilhom Aliyev, o‘z navbatida, O‘zbekistonga davlat tashrifini mamnuniyat bilan eslagan. Davlat rahbari O‘zbekiston tomonidan ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda maktab qurish loyihasi alohida ahamiyat kasb etishini bildirgan, yaqin kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi kutilayotganini aytgan.
Suhbat chog‘ida Ozarbayjon va O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakati, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilib kelayotgani alohida ta’kidlanib, ikki tomonlama kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan.