Mirziyoyevning Moskvaga safari yakunlandi

Jamiyat

image

Bugun, 9 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskvaga amaliy tashrifi doirasida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Moskvaning Qizil maydonida G‘alaba paradi bo‘lib o‘tgan. Uni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston yetachisi Sadir Japarov, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham kuzatgan.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston rahbari boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ygan va Ikkinchi jahon urushida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan askarlar, shu jumladan, o‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga hurmat bajo keltirgan.

Shu bilan Mirziyoyevning Rossiyaga amaliy tashrif yakunlangan. Aeroportda O‘zbekiston Prezidentini Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ygan. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqining Buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos. 1941 yilda respublika aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan bo‘lsa, urush boshlanishi bilan qariyb 2 million o‘zbekistonlik frontga otlangan. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘lgan, yana minglab odamlar urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbek xalqi tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib bergan. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan va qisqa muddatda qayta ishga tushirilgan.

Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikaga ko‘chirib keltirilgan. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar bo‘lgan.

O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarning jasoratini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili rag‘batlantirilmoqda, ularning sog‘lig‘ini asrashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ulkan G‘alaba bog‘i ochilgan bo‘lib, unda “Matonat madhiyasi” yodgorligi va Shon-sharaf muzeyi barpo etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Mirziyoev G'alaba paradi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing