Moskva tarixida 19 yildan beri harbiy texnikalarsiz va eng qisqa parad o‘tkazildi
Olam
−
09 may 4865 2 daqiqa
Bugun, 9 may kuni Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradi taxminan 45 daqiqa davom etdi va zamonaviy tarixdagi eng qisqa paradlardan biriga aylandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Bu yilgi parad 2025 yildagi yubiley paradiga nisbatan deyarli ikki barobar qisqa bo‘lgan. O‘tgan yilgi tadbir taxminan bir yarim soat davom etgan edi.
2024 yildagi parad 50 daqiqadan biroz ko‘proq davom etgan: jonli efir Moskva vaqti bilan soat 10:00 da boshlanib, taxminan 10:52 da yakunlangan. Faqat 2023 yildagi parad davomiyligi jihatidan bu yilgi tadbirga yaqin bo‘lgan – u taxminan 47 daqiqa davom etgan.
2022 yilda parad aynan 1 soat, 2021 yilda esa 1 soat 5 daqiqa davom etgan. Pandemiya sabab 24 iyunga ko‘chirilgan 2020 yilgi parad – 1945 yildagi tarixiy parad sanasida o‘tkazilgan. U 1 soat 15 daqiqa davom etgan.
2010–2019 yillar orasidagi deyarli barcha paradlar kamida bir soat davom etgan. Masalan, 2019 yilda taxminan 1 soat, 2018 yilda 1 soat 5 daqiqa, 2016 yilda 1 soat 10 daqiqa, 2015 yilda esa 1,5 soat bo‘lgan.
2014, 2013 va 2009 yillardagi paradlar 1 soat 10 daqiqa davom etgan. 2012 va 2011 yillardagi tadbirlar taxminan 1 soat, 2010 yilgi parad esa 1 soat 15 daqiqa bo‘lgan.
Faqat 2017 yildagi parad yomon ob-havo sabab qisqartirilgan va u 50 daqiqa davom etgan. O‘shanda havo qismi bekor qilingan edi.
Bu yil Moskvadagi parad so‘nggi 19 yil ichida birinchi marta harbiy texnikalarsiz o‘tkazildi. Qizil maydondan raketa majmualari va tanklar o‘rniga faqat saf tortib yuruvchi kolonnalar o‘tdi.
Translyatsiya vaqtida qurol-yarog‘ namoyishi videoroliklar bilan almashtirildi. Tomoshabinlarga dronlar, yadroviy qurollar, shuningdek «Arxangelsk» va “Knyaz Vladimir” atom suvosti kemalari aks etgan rolik namoyish qilindi. Unda eng yangi Rossiya harbiy texnikasi namunalari ko‘rsatilgan.
Shuningdek, uzoq yillardan beri birinchi marta parad tribunalariga Davlat dumasi deputatlari va hukumat a’zolari qo‘yilmadi. Vladimir Putin yonida faqat Xavfsizlik kengashi a’zolari, Prezidentga eng yaqin amaldorlar, kuch ishlatar tuzilmalar rahbarlari, Prezident administratsiyasi va parlament palatalari rahbarlari o‘tirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 may kuni kechqurun AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina 9, 10 va 11 may kunlari uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish hamda har ikki tomondan ming nafardan asir almashish bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirgan. Keyinroq bu ma’lumotni Putin yordamchisi Yuriy Ushakov tasdiqlagan.
Live
Barchasi