Mirziyoyeva Xitoyda. U Imperator saroyi muzeyidagi taqdimotda qatnashdi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2023
8313O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Xitoyga bordi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Xitoyga safarining dastlabki kunida u Xanchjou shahridagi Xitoy milliy ipak muzeyida tashkil etilgan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari” ko‘rgazmasiga bordi. Mazkur ko‘rgazma Osiyo va Tinch okeani uyushmasining Xalqaro muzeylar kengashi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning 12 noyabrigacha davom etadi. Ko‘rgazmada o‘zbek milliy liboslari ham namoyish etilyapti.
Shuningdek, u Pekinda “Arxeologik hamkorlik – Bir makon, bir yo‘l” ko‘rgazmasining ochilish marosimida ham qatnashgan. Mirziyoyeva shu yerda Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin bilan uchrashgan.
“Pekindagi “Bir makon, bir yo‘l” III xalqaro hamkorlik anjumani arafasida tashkil etilgan ko‘rgazma O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklik munosabatlarining yana bir namunasi bo‘ldi”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva.
Bundan tashqari, “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida Pekindagi Imperator saroyi muzeyida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti to‘plamlariga mansub o‘n sakkizta noyob eksponat taqdim etilgan. Prezident yordamchisi mazkur jarayonda ham ishtirok etgan.
“Madaniy merosimizni dunyoning eng yirik muzeylaridan biri — bebaho tarixiy osori atiqalar saqlanadigan Gugun muzeyida namoyish etish uchun imkoniyat yaratgan va bunda ishtirok etgan, o‘z hissasini qo‘shgan barcha-barchaga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ana shunday imkoniyat va tashabbuslar tufayli mamlakatimiz o‘zining boy o‘tmishini dunyo jamoatchiligiga namoyon eta olganidan xursandman”, degan Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va uning rafiqasi Pen Liyuan bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi