Saida Mirziyoyeva Qatar malikasi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 2 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qatar malikasi, Qatar muzeylari va boshqa muassasalar raisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy bilan uchrashib, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish loyihasini muhokama qildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv yakunida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Og‘a Xon Trast” madaniyat jamg‘armasi va Qatar taraqqiyot jamg‘armasi bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolangan. 

“Qatar taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbekiston san’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida Samarqand shahridagi Bibixonim masjidi majmuasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolanishida ishtirok etishdan mamnun bo‘ldim. Bu hamkorlik O‘zbekistonning boy madaniy merosini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash, uning davomiyligini ta’minlash va mamlakat mahalliy hamjamiyatlarining imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan”, deb yozdi Qatar muzeylari va boshqa muassasalar raisi o‘zining X’dagi sahifasida.

Ta’kidlanishicha, o‘zaro munosabatlar O‘zbekistonning madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish sohasida hamkorlikda ish olib borishga qaratilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston uchun ham, butun dunyo uchun ham katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, Qatar malikasi Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Jahon konferensiyasi ochilishida ishtirok etib, X’dagi sahifasida bundan mamnunligini bildirdi.

 “O‘zbekistonda 2024 yilgi Butunjahon ijodiy iqtisodiyot konferensiyasi ochilishida qatnashganimdan mamnunman, unda madaniyat va bunyodkorlikning kelajagimizni shakllantirishdagi chuqur ta’sirini muhokama qilamiz. Iqtisodiyot qashshoqlik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi kabi global muammolarga qarshi turishning muhim ustunidir va bugun biz uning hamma uchun yanada inklyuziv va barqaror dunyo qurish qobiliyatini ta’kidlaymiz” deydi malika. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi konferensiya doirasida Saida Mirziyoyeva britaniyalik supermodel Naomi Kempbell bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Qatar Bibixonim masjidi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made