Mirziyoyev joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar bilan tanishdi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2023 8164 2 daqiqa
Bugun, 19 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2024 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda dastlab joriy yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar tahlil qilingan. Unda davlat rahbari dunyodagi og‘ir vaziyat iqtisodiyotga salbiy ta’sir etayotgani va noma’lumligicha qolayotgani, shu bois barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun ichki imkoniyatlarni ko‘proq ishga solish zarurligini qayd etgan.
Aynan shuning uchun 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i 15 foizdan 12 foizga tushirilgani, buning evaziga tadbirkorlar ixtiyorida 7 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolgani, shuningdek, hududlar infratuzilmasini yaxshilashga 35 trillion so‘m, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga 19 trillion so‘m yo‘naltirilgani aytilgan.

Keltirilishicha, shularning natijasida, joriy yilda nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan global iqtisodiyot 3 foiz o‘sishi prognoz qilinayotgan paytda, mamlakat iqtisodiyoti kamida 5,6 foizga oshishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyida mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshgan.
Jahon bozorlari va logistikadagi murakkabliklarga qaramay, eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani hisobiga, 226,6 trillion so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘paygan.

Majlisda shuningdek, 2024 yilda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilingan. Unda aytilishicha, joriy yil sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘plab maqsad va vazifalar belgilangan. Hukumatga 2024 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni mazkur strategiyadagi vazifalarni bajarish nuqtai nazaridan puxta ishlab chiqish topshirilgan.
Bunda yalpi ichki mahsulotning hozirgi o‘sish sur’atini kelgusi yilda ham davom ettirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan, 2024 yilda 13 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyihani ishga tushirish, energiya ta’minotini barqarorlashtirish, tarmoqlar samaradorligi oshirish hisobiga sanoatda 6 foiz o‘sish imkoniyati borligi qayd etilgan.
Xizmatlar sohasida 15 foiz o‘sishni ta’minlash uchun transport, logistika, agro-xizmatlar, sug‘urta, lizing kabi yo‘nalishlardagi foydalanilmayotgan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligi qayd etilgan. Davlat rahbari transport, suv xo‘jaligi, kommunal kabi sohalarda boshlangan islohotlarni faollashtirish, bunda aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidlagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr