Mirziyoyev Janubiy Koreya xalqiga ta’ziya yo‘lladi
Jamiyat
−
29 dekabr 2024
4324Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning Muan shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan ushbu mamlakat Prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mokka ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Janubiy Koreya xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.
LiveBarchasi