Mirziyoyev Yevropa diplomatiyasi rahbarini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi Vitse-prezidenti Jozep Borrelni qabul qildi.

Pandemiyadan keyingi davrda jadal iqtisodiy tiklanish va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, 17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda “Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzuidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiyasining sermahsul yakunlari yuksak baholandi. Davlat rahbari Yevropa diplomatiyasi rahbariga ushbu muhim tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagani va ularda shaxsan ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Jozep Borrel, o‘z navbatida, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi siyosatini olqishladi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi. Yevroittifoq bundan buyon ham mintaqa davlatlari bilan siyosat, savdo, investitsiya, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb muammolari muhokama qilinar ekan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojiga alohida e’tibor qaratildi.

Samarqanddagi konferensiya yakunlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda imzolashga kelishib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Jozep Borrel' O'zbekiston-EI

Baholaganlar

32

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing