Mirziyoyev “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishini e’lon qildi
Jamiyat
−
03 fevral 2022
6529Joriy yilning 1 martidan O‘zbekistonda “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Ma’lumki, 2021 yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 million tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq, kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, degan davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda 1 martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar chetida ixota daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Mutasaddi idoralarga barcha tuman va shaharlarni qamrab oladigan “mobil eko patrullar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining axboroti eshitildi.