Sun’iy qor, 9 milliardli temiryo‘l va genotsid... Pekin Olimpiadasi raqamlarda 

Sport

image

Joriy yilning 4 fevral kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Xitoyning CGTN teleradiokompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra 2022 yilgi Pekin Olimpiadasining rasmiy byudjeti 3,9 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. 

Bu 2008 yilda aynan Pekinda o‘tkazilgan yozgi Olimpiada xarajatlaridan 10-12 baravar kam. O‘sha vaqtdagi qiymatga ko‘ra 43 yoki taxminan 53 milliard dollarni tashkil etgan (musobaqa uchun arenalar va shahar infratuzilmasi qurilishini hisobga olingan). Oksfordlik iqtisodchilar tadqiqotiga ko‘ra, Xitoyning avvalgi Olimpiada o‘yinlariga sport bilan bog‘liq rasmiy xarajatlari 6,8 milliard dollarga baholangan (2015 yil narxlarida).

Olimpiya o‘yinlarini tashkil etishning haqiqiy xarajatlari dastlab qayd etilganidan kamida ikki baravar yuqori bo‘lgan. AQSH Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Olimpiada o‘yinlariga xarajat bo‘yicha rekord Sochi shahriga tegishli (2014 yil) – bugungi qiymatda deyarli 60 milliard dollar (sport bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan o‘yinlar uchun infratuzilma qurilishini hisobga olgan holda). Oksford tadqiqotchilari ham sport bilan bog‘liq xarajatlar nuqtai nazaridan, yo‘llar, mehmonxonalar, aeroportlar va boshqalarga investitsiyalarni hisobga olmaganda, Sochi uchun rekord miqdordagi summa ajratilganini tasdiqlagan (2015 yil qiymatida 21,8 milliard dollar).

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan Olimpiadaga mezbonlik qilish uchun qancha mablag‘ ajratadi?

Ma’lumki, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) an’anaviy tarzda O‘yinlarni tashkil etish xarajatlarining bir qismini moliyalashtiradi. Qo‘mita 2022 yilgi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasiga 880 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratgan, Bu 3,9 milliard dollarlik rasmiy budjetning bir qismi bo‘lib, 2018 yilda Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahriga ham xuddi shuncha ajratilgan.

XOQ tomonidan Olimpiadani qisman moliyalashtirish translyatsiya huquqlarini sotishdan va global homiylardan olingan daromadlarni olishga imkon beradi. Masalan, 2014 yilda tashkilot NVC telekanaliga 2022 yilgi Pekin Olimpiadasi va 2024 yilda Parijdagi yozgi o‘yinlarni ko‘rsatishning eksklyuziv telehuquqlarini 2,5 milliard dollarga pullagan.

Chiptalar sotuvidan qancha foyda kutilayotgan edi?

Pandemiyadan oldin tashkiliy qo‘mita chiptalar sotuvidan 118 mln dollar daromad olishni kutayotgan edi (France Presse ma’lumoti).

2021 yil sentyabr oyida Pekin Olimpiadasi tashkilotchilari koronavirus infeksiyasining oldini olish maqsadida xorijlik sayyohlarni musobaqaga kiritmasliklarini ma’lum qilgan. 2022 yil yanvar oyida ular Xitoy aholisiga ham chipta sotishni to‘xtatishga qaror qilga edi. O‘yinlarga yo‘llanmalar faqat Xitoy fuqarolarining ayrim guruhlariga, masalan, partiya amaldorlari va davlat kompaniyalari xodimlariga beriladi. Umuman olganda, sportchilar va yordamchi xodimlar ularni keng jamoatchilikdan qat’iy ravishda ajratib, karantin “pufakchasi”da bo‘lishadi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, qishki o‘yinlar uchun rekord darajadagi chipta daromadini 2010 yilda Vankuverda bo‘lib o‘tgan Olimpiada tashkilotchilari olgan. O‘shanda 1,5 million dona chipta 250 million dollarga sotilgan.

9 milliard dollar

Xitoy hukumati Olimpiada o‘yinlari uchun tezyurar temir yo‘l qurilishi uchun shuncha mablag‘ ajratgan.

2009 yilda Xitoy Pekindan Xebey provinsiyasidagi Chjansyakou shahrigacha tezyurar (350 km/soat) poyezd uchun temir yo‘l qurishni boshlamoqchi edi. Ish 2014 yilda, Pekin qishki o‘yinlarni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritishdan oldin boshlangan (ya’ni, bu loyiha Olimpiadasiz ham amalga oshirilgan bo‘lar edi). Shunga qaramay, Olimpiada Pekin-Chjansyakou temir yo‘li loyihasini amalga oshirishga ta’sir qiluvchi muhim omil bo‘ldi.

Temir yo‘l 2019 yil oxirida ochilgan va avtopilot funksiyasiga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi transport bo‘ladi. Endi u konkida uchish, xokkey, kyorling hamda Olimpiadaning ochilish va yopilish marosimlariga mezbonlik qiladigan Pekinni tog‘ chang‘isi, bobsley, biatlon va chang‘i sportiga mezbonlik qiladigan Chjansyakou bilan bog‘laydi.

45 ta mahalliy homiylar

Pekin Olimpiadasining tashkiliy qo‘mitasi ko‘plab homiylarni jalb qildi.

Ayni paytda 2022 yilgi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi 45 ta tijorat hamkorlari haqida xabar bermoqda (Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi ma’lumoti). Tashkiliy qo‘mita ulardan olingan daromadni o‘zida saqlab qoladi. Bunda Olimpiya harakatining 14 ta xalqaro homiylari (Coca-Cola, Intel, Alibaba, Toyota, Panasonic va boshqalar) hisobga olinmaydi, ular XOQ va bir vaqtning o‘zida bir nechta Olimpiya sikllarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. AQSH hukumati Xitoydagi inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar tufayli O‘yinlarni diplomatik boykot qilganiga qaramay, Amerika kompaniyalari XOQ orqali Pekin Olimpiadasiga homiylik qilishda davom etmoqda.

Olimpiadaning 45 mahalliy homiylari orasida Xitoyning “Sinopec” va CNPC neft-gaz korporatsiyalari, Xitoyning davlat elektr tarmog‘i korporatsiyasi va “China Threye Gorges” korporatsiyasi, “Yum China” fast-fud tarmog‘i, shuningdek, bir nechta G‘arb brendlari bor. Biroq, Pekindagi tashkiliy qo‘mita mahalliy homiylardan qancha pul olganini oshkor qilmagan.

300 mln

2015 yilda qishki Olimpiada o‘yinlarini tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgach, Xitoy rasmiylari mamlakatdagi 300 million kishini havaskor yoki professional darajada qishki sport turlariga jalb etish maqsadini e’lon qilgan edi. Joriy yil yanvar oyida Xitoy Davlat statistika byurosi ushbu maqsadga erishilganini e’lon qildi: so‘nggi bir necha yil ichida 346 million xitoylik kamida bir marta qishki sport turlari bilan shug‘ullanadi.

Xitoydagi qishki sport turlarini tartibga soluvchi organning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil oxirida mamlakatda 803 ta chang‘i markazlari va 654 ta muz arenalari qurilgan bo‘lsa, 2015 yilda mos ravishda 568 va 157 ta (o‘sish 41 va 317 foiz). Mahalliy hukumatlar qishki va muz sporti sanoati 2025 yilga borib 1 trillion yuangga (taxm. 157 milliard dollar) yetishini kutmoqda. 2020 yilda Xitoy qishki sport bozorining daromadi 600 milliard yuangga (94 milliard dollar) baholandi.

Olimpiada uchun 1,2 million kubometr sun’iy qor ishlab chiqariladi

Pekindagi musobaqa tarixda deyarli butunlay sun’iy qorga tayanadigan birinchi Olimpiada bo‘ladi, chunki mintaqada tabiiy qor juda kam. Tashkilotchilarning xabar berishicha, faqatgina Yansin shahridagi chang‘i markazi uchun 1,2 million kubometr sun’iy qor kerak bo‘ladi (qor musobaqalari Chjansyakouda ham o‘tkaziladi, Pekinda esa asosan yopiq muz tadbirlari bo‘ladi). Taqqoslash uchun, 2014 yilgi Sochi Olimpiadasida 80 foiz sun’iy qorga tayanilgan.

Qor ishlab chiqarish uchun Pekin 2021 yil noyabr oyida ishga tushirilgan Italiyaning TechnoAlpin kompaniyasidan uskunalar sotib oldi. Taxminlarga ko‘ra, zarur miqdorda qor hosil qilish uchun tashkilotchilarga taxminan 223 million litr suv kerak bo‘ladi, bu esa ekolog va ekspertlarning tanqidiga sabab bo‘ldi. Yevropada sun’iy qor ishlab chiqarish narxi bir kubometr uchun 3 yevrodan 7 yevrogacha turadi. Ammo Xitoyda xarajat ancha past bo‘lishi mumkin. Olimpiada uchun zarur bo‘lgan barcha qorlarni ishlab chiqarish xarajatlarini 600-700 ming dollarga baholandi.

288 kun

2021 yilda Pekinda shuncha vaqt toza havo kuni qayd etildi.

Xitoy hukumati Olimpiya o‘yinlarini “yashil va toza” o‘tkazishga va’da berdi. Xususan, tashkilotchilar O‘yinlarda sport infratuzilmasi butunlay qayta tiklanadigan energiyadan foydalanilishi ta’kidlandi. Xitoy, shuningdek, Olimpiada o‘yinlariga qadar Pekindagi havo sifatini yaxshilashga va’da berdi, buning uchun mahalliy hukumatlar sanoat, transport va maishiy manbalardan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

2021 yil Pekinda tutun paydo bo‘lishiga olib keladigan mayda zarrachalarning o‘rtacha konsentratsiyasi o‘lchovlar boshlangan 2013 yildan beri eng past darajaga tushdi, deya xabar beradi Xitoy rasmiy matbuoti. Yil davomida Pekin ma’muriyati “havo sifati yaxshi” bo‘lgan 288 kunni (2013 yilda atigi 176 kun bo‘lgan) va kuchli ifloslangan atigi sakkiz kunni hisoblagan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevralida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. Xitoyda uyg‘urlarga nisbatan inson huquqlarining poymol etilishiga qarshi norozilik sifatida Buyuk Britaniya, Avstraliya, AQSH va Kanada singari mamlakatlar o‘z diplomatlarini ushbu mamlakatga jo‘natmasligini ma’lum qildi.

AQSH Kongressi kompaniyalardan Shinjonda ishlab chiqarilgan har qanday tovarda majburiy mehnat qo‘llanilmaganini isbotlashni talab qiladigan qonunni ma’qulladi. Chunki Qo‘shma Shtatlar Xitoy hukumatini Shinjondagi asosiy aholi qatlami bo‘lgan uyg‘urlarni genotsid qilishda aybdor deb topgan. 

Qonun loyihasi Shinjonda biznes bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalar, jumladan Coca-Cola, Nike va Apple tomonidan tanqid qilindi.

Shuningdek, Sharqiy Turkistonda Xitoy hukumati tomonidan olib borilayotgan tizimli bosim va assimilyatsiya siyosatini o‘rganish maqsadida Buyuk Britaniya poytaxti Londonda tashkil etilgan “Uyg‘ur sudi” Xitoy hukumatini uyg‘ur turklari va boshqa milliy ozchiliklarni genotsid qilishda aybdor deb topdi. Hukm joriy yilning 9 dekabr – Xalqaro genotsidning oldini olish kunida e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Olimpiada Pekin-2022

Baholaganlar

140

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing