Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasiga e’tiborsizlik qilgan rahbarlarni tanqid qildi

Jamiyat

image

Bugun, 11 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida o‘tayotgan videoselektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan rahbarlarni tanqid qildi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ma’lumki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan. Buning uchun har bir viloyat bahor va kuz mavsumida 15 million tup daraxt ko‘chatlari ekishi va barcha shaharlar atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil qilish zarur edi. Lekin ayrim rahbarlar bu ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Masalan, ko‘chatlar sug‘orish tizimi yo‘q hududlarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud bo‘lgan. Daraxt ko‘chatlarini yo‘llar bo‘yida ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda umuman bajarilmagan.

Davlat rahbari o‘z hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish endilikda  hokimlarning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lishini ta’kidlagan. Barcha tizim va hudud rahbarlariga  mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli bino, hovlilarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish topshirilgan.

Shuningdek, tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt o‘rniga yana shuncha daraxt ko‘chatini suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarga ekish topshirilgan. Viloyat, tuman va shahar hokimlari 15 avgustga qadar daraxt ko‘chatlari zaxirasini yaratib, ularni ekish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlashi belgilangan.

Aytilishicha, bundan buyon ko‘chat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p – 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgan. Bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, har bir ko‘chatni kafolatli sotib olish tizimi yaratilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Yashil makon” loyihasi doirasida 2 milliondan ortiq ekilmagan ko‘chat hisobotga qo‘shib yozilganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Navoiyda 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Farg‘onada 465 ming va Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ko‘chatni qo‘shib yozish holatlari aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro Yashil makon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made