Mirziyoyev vazirliklar uchun hayot-mamot masalasiga to‘xtaldi

Jamiyat

image

Davlat byudjetidan katta mablag‘ oluvchi vazirliklarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi bo‘lishi zarur. Bu haqda bugun, 20 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Videoselektorda Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Ekologiya, Bandlik vazirliklari, karantin va veterinariya idoralarida raqamlashtirish ishlari sust ketayotgani tanqid qilingan.

Shuningdek, “Raqamli sog‘liqni saqlash” loyihasini amalga oshirish, Onkologik bemorlarning elektron reyestrini tuzish, dala va bog‘larda pestitsidlar cavdosi va qo‘llanilishi bo‘yicha raqamli nazorat tizimini joriy qilish, gaz va benzin quyish shoxobchalarida, Jamoat ishlari va Bandlik jamg‘armalari xarajatlari bo‘yicha onlayn nazoratni yo‘lga qo‘yishdagi oqsoqliklar ko‘rsatib o‘tilgan. 

Bundan tashqari, Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida hujjatlarga apostil qo‘yish jarayonini raqamlashtirish zarurligi qayd etilgan. 

Shu bilan birga, Geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi hamda Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarida yagona elektron hujjat aylanish tizimi ishga tushmaganiga e’tibor qaratilgan. Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimini yanada takomillashtirish kerakligi ta’kidlangan.

Barcha vazirlik, qo‘mita va hudud rahbarlari jiddiy xulosa qilib, oqsayotgan loyihalarni yakunlashi shartligi haqida ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing