“Biz ittifoqchilarmiz”. Mirziyoyev va To‘qayev norasmiy uchrashdi
Jamiyat
−
29 mart
3000O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 29 mart kuni Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.
Bildirilishicha, ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan. Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini hamda qardosh xalqlarni bahor ayyomi Navro‘z va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan samimiy qutlagan.
Prezident Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Prezidentiga tashrifi uchun minnatdorlik bildirib, bunday norasmiy uchrashuvlar allaqachon yaxshi an’anaga aylanganini ta’kidladi.
“Bu ishbilarmonlik muhitida qanday qilib katta ish olib borishimiz – qardosh, do‘st davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishimiz haqida fikr almashish uchun juda yaxshi imkoniyatdir. Biz ittifoqchilarmiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat ko‘p jihatdan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar qanday rivoj topishiga bog‘liq”, dedi Qozog‘iston Prezidenti.
Qosim-Jomart To‘qayev Shavkat Mirziyoyevning qardoshlik va do‘stlik xalqlarini yaqinlashtirish va mintaqani barqaror rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholagan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti ham bugungi uchrashuv ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:
“Siz kichik vataningizda, xususan, Olmaotada meni do‘stona kutib olayotganingizdan juda minnatdorman. Buning uchun sizdan o‘z nomimdan va xalqim nomidan juda minnatdorman. Darhaqiqat, keyingi yillarda munosabatlarimiz butunlay boshqacha tus oldi. Biz ittifoqchilarmiz. Shaxsiy munosabatlarimiz tufayli ko‘p muammolar hal qilinadi va biz kelishib olgan hamma narsa amalga oshadi. Haqiqiy natijalar bor. Sizni Qozog‘istonning muvaffaqiyatlari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Iqtisodiyot rivojlanmoqda, taraqqiyot yaxshi. Birinchi chorak 5,4% o‘sish bilan yakunlandi. Men katta jamoa bilan keldim. Garchi bizda norasmiy uchrashuv bo‘lsa-da, har bir bunday norasmiy uchrashuv munosabatlarimizga, barcha kelishuvlarimizga katta sur’at bag‘ishlaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilayotgani, tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshgani, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani, yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotgani ta’kidlangan.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-gaz, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tinglagan.
Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan.
Joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etilgan.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo sammitlariga tayyorgarlik yuzasidan ham fikr almashilgan. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 29 mart kuni Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan yetib borgandi. Oliy martabali mehmonni Olmaota aeroportida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Prezidentlar birgalikda "Medeu" tog‘-chang‘i klasteriga bordi. Shavkat Mirziyoyevga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan "Medeu" to‘g‘onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.
LiveBarchasi