Mirziyoyev va Putin Kremlda uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
10 may
5193Kecha, 9 may kuni Moskva shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlagan. O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu jumladan Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlangan.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Gumanitar almashinuvlar, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim sohalarida samarali bo‘layotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Tadbirlar yakunlangach, Prezident Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi. “Vnukovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.
LiveBarchasi