Mirziyoyev va Putin bir-birlarini “G‘alabaning 76 yilligi” bilan tabrikladi
Jamiyat
−
07 may 2021
4984O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari “fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan” bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor qilgan.
“Yelkama-yelka turib birga qahramonona jang olib borgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan xalqlarimizning buyuk jasorati minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qolishi alohida ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha birgalikda qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlangan.
Muloqotda Prezidentlar xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan. Oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashni faol davom ettirishga kelishib olingan.
Kreml xabariga ko‘ra, suhbatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga, shu jumladan, O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatni, shu jumladan, tojik-qirg‘iz chegarasidagi so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, Prezidentlar mojaroni siyosiy va diplomatik vositalar bilan hal qilish bo‘yicha Dushanbe va Bishkek o‘rtasidagi kelishuvlarni olqishlagan.
Ular vaziyatni yanada barqarorlashtirish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqlagan.