Mirziyoyev va Mattarella birga archa ekdi
Jamiyat
−
10 noyabr 2023
5471O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekiston-Italiya sammiti dasturi doirasida daraxt ekish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlari bugun, 10 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda archa ekkan.
“Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari mustahkamlanib, O‘zbekiston va Italiyaning ko‘p qirrali hamkorligi va strategik sherikligi kengayib borayotganining ramzi bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 noyabr kuni Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella qizi Laura Mattarella bilan birga O‘zbekistonga kelgandi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib oldi. Bugun, 10 noyabr kuni ertalab Serjo va Laura Mattarellalar Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Keyinchalik Ko‘ksaroy qarorgohida Italiya Prezidenti Serjo Mattarellani rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Ko‘ksaroy qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi. Unda keyin esa ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
LiveBarchasi