Mirziyoyev va Makron nimalarga kelishib oldi?
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
9289Bugun, 2 noyabr kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidentining O‘zbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.
Emmanuel Makron esa O‘zbekiston rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Fransiya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan.
“Yetakchilar Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, muzokaralar davomida keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, ikki davlat orasidagi joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshgan. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.
“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilingan.
Ta’kidlanishicha, Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yetakchilar siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etgan.
Bundan tashqari, Prezidentlar madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibi boy ekanini ta’kidlagan. O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani aytilgan. Shu munosabat bilan tomonlar Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishini olqishlagan.
Shuningdek, Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya oliy ta’lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingan.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 noyabr kuni Emmanuel Makron Samarqandga yetib kelgandi. Bugun, 2 noyabrda uni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. U kelishidan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan maqsad mamlakatning energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozgandi. AFP esa Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib, Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birga Parij ham o‘z vaznini saqlab qolishini maqsad qilganini xabar bergandi.
LiveBarchasi