Mirziyoyev va Lukashenkoning qo‘shma bayonoti

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkmt Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 2019 yil 31 iyul – 1 avgust kunlari rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Belarus Respublikasi Prezidenti (keyingi o‘rinlarda – Tomonlar), an’anaviy ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda muzokaralar olib borib, o‘zaro manfaat kasb etadigan xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan holda, o‘zbek-belorus munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqib,  turli darajalarda ikki tomonlama muloqotning faollashuvi munosabati bilan ularning izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish har ikki mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirgan holda, ko‘p qirrali davlatlararo hamkorlikni kengaytirish va xalqaro maydondagi sa’y-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti,  shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi a’zo yoki kuzatuvchi hisoblangan boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni rivojlantirish va uning samaradorligini oshirishga intilgan holda, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning XXI asr voqeligiga mos keladigan, sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tishini ta’minlashga intilib, O‘zbekiston va Belarus rahbarlarining mazkur uchrashuvi Tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonch hosil qilgan holda, quyidagilar to‘g‘risida bayon qiladilar:

1. O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi teng huquqli va suveren davlatlar sifatida uzoq muddatli sheriklik, o‘zaro foyda va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish asosida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirib boradilar. 

2. Tomonlar o‘zaro hurmat va ishonch an’analari, xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlikka asoslangan o‘zbek-belorus aloqalari darajasini yanada oshirishga har tomonlama ko‘maklashadilar.

3. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari, o‘zaro manfaat kasb etadigan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam fikr almashgan va o‘z pozitsiyalarini kelishgan holda muntazam uchrashuvlar,  eng avvalo, oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar mexanizmidan foydalanish hamda uni takomillashtirishda davom etadilar.

4. Tomonlar 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish sohasida Kun tartibini amalga oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida xalqaro sheriklikni mustahkamlash uchun ikki tomonlama,  mintaqaviy va global formatlarda hamkorlikni davom ettiradilar.

5. Tomonlar xalqaro maydonlarda inson huquqlarini ilgari surish masalalarida hamkorlikni davom ettiradilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda boshqa universal va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasida tashabbus va nomzodlarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyoti mustahkamlanadi.

6. Tomonlar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ularning faoliyatini takomillashtirish va ko‘p tomonlama munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshiradilar.

7. Tomonlar belorus tomonining tajribasini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi istiqbollarini muhokama qildilar. 

8. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Belarus Respublikasi Milliy kengashi o‘rtasidagi faol muloqotni olqishlaydilar hamda davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida parlamentlararo hamkorlikning yanada rivojlanishi va chuqurlashishiga ishonch bildiradilar. 

9. Tomonlar ikki mamlakatni yanada barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat beradilar. 

10. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda muhim mexanizm hisoblanadigan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning sermahsul faoliyatini qayd etib, uning ishiga tizimli tus berishga kelishib oldilar.

11. Tomonlar o‘zaro savdodagi ijobiy o‘sish sur’atini,  savdo aylanmasi hajmini kengaytirish va uning barqarorligini ta’minlash uchun mavjud salohiyatni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

12. Tomonlar innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik,  to‘qimachilik, charm va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish, shu jumladan, uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqish muhimligini ta’kidladilar. 

13. Tomonlar oliy darajadagi tashrif doirasida Minskda tashkil etilgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” O‘zbekiston Respublikasi mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston va Belarus mintaqalari forumining o‘tkazilish darajasi va natijalarini yuqori baholadilar.

14. Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashning samarali shakli sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mintaqalararo aloqalarni yanada kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. 

15. Tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashadigan Ishbilarmonlar qo‘shma kengashi tuzilishini olqishladilar.

16. Tomonlar transport-logistika kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yuk aylanmasini ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ta’minlashga ko‘maklashish niyatida ekanliklarini bildirdilar.

17. Tomonlar xalqaro va mintaqaviy terroristik va ekstremistik guruhlarning faolligi oshib borayotganidan,  transchegaraviy jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va giyohvand vositalar bilan noqonuniy muomalada bo‘lish hamda odam savdosining o‘sishidan tashvishda ekanliklarini bildirdilar.

Shu munosabat bilan, umumiy,  teng va ajralmas xavfsizlik tamoyiliga sodiqliklarini, o‘zaro ishonch va hurmat,  shuningdek, bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish asosida yagona xavfsizlik makonini yaratish muhimligi tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.

18. Tomonlar axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. 

19. Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakatning harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi amaliy sherikligi,  shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari,  harbiylashtirilgan tuzilmalar va favqulodda vaziyatlar muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. 

20. Tomonlar vazirliklar, idoralar, universitetlar va ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlik yanada rivojlanishini va ilg‘or tajriba almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydilar. 

21. Tomonlar yuqori va raqamli texnologiyalar sohasida yaqin hamkorlikni chuqurlashtirish hamda ularni, shu jumladan, ikki mamlakat innovatsion markazlari va texnoparklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish orqali hayotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladilar. 

22. Tomonlar ikki mamlakat xalqlarining tarixi,  madaniyati va boy milliy an’analari bilan o‘zaro tanishish maqsadida turizm sohasidagi faol almashinuvni rivojlantirishga ko‘maklashadilar.

23. Tomonlar ikki mamlakat xalqlarining ma’naviy va madaniy yaqinligini saqlab qolishga har tomonlama ko‘maklashadilar, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtiradilar.

24. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashga barcha bosqichlarda ko‘maklashish niyatida ekanliklarini e’tirof etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti A.G. Lukashenkoga mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etgan holda, Belarus Respublikasi Prezidenti A.G. Lukashenkoni rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishga taklif qildi. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Belarus' Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

7

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing