O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yakkama-yakka uchrashuv va Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng qo‘shma bayonot berdilar.  

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiya a’zolarini Anqarada kutib olishdan mamnun ekanligini ma’lum qilib, O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish tarixiy qadam bo‘lganini aytdi. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an ertaga, 20 fevral kuni ochilishi kutilayotgan “Xalq kutubxonasi”ning ochilish marosimiga Shavkat Mirziyoyevni ham taklif qilganini ma’lum qildi. 

2019 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda o‘tgan Parlament saylovlaridan so‘ng yangi Hukumat tashkil topganiga e’tibor qaratgan Turkiya rahbari saylov natijalari O‘zbekiston xalqiga muvaffaqiyat keltirishini tiladi. 

“Ilmlari, ijodlari bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir. 

O‘zbekiston bilan munosabatlarimizni mushtarak tarix, til va madaniyatdan kuch olgan, baquvvat qardoshlik munosabatlarimizga asoslangan strategik hamkorlik bilan mustahkamlayapmiz”, dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonning 2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lgani, oktyabr oyida Bakuda o‘tkazilgan sammitda ishtirok etganini e’tirof etdi.

“34 millionlik yosh va jo‘shqin aholiga, tabiiy boyliklarga, sanoat salohiyati va kuchli qishloq xo‘jaligiga ega bo‘lgan O‘zbekiston mintaqada diqqatga sazovor markazga aylanish uchun dadil qadamlar tashlamoqda”, deydi Turkiya Prezidenti. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan tashabbus va islohotlar jarayoni uchun minnatdorlik bildirgan Prezident Erdo‘g‘an, ushbu keng qamrovli islohotlar jarayonida O‘zbekistonning muvaffaqiyati uchun har tomonlama yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z navbatida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilinganini ta’kidladi.  

“Qardosh Turkiya zaminida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, samimiy mehmondo‘stlik uchun Turkiya Respublikasi Prezidenti, qadrli do‘stim Rajab Toyib Erdo‘g‘an Janobi Oliylariga va do‘st turk xalqiga minnatdorlik bildiraman”, deb so‘z boshladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari so‘zida davom etarkan, so‘nggi ikki O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochib berganini urg‘uladi:

“Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik”.

Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka yondashuvlar mushtarak ekani ta’kidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi aytildi. 

Ma’rifiy Islomni targ‘ib etish, madaniyat, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida birgalikda tadbirlar o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbari  Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan qaysi masalalarni muhokama qilganini ochiqladi. Muhokama mavzulari orasida Afg‘oniston ham bor. 

“Biz zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashda hamkorligimizni yanada kuchaytirishimiz zarurligini ta’kidladik. Shuningdek, biz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha keng qamrovli fikr almashdik. Ushbu mamlakatda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish mamlakatlarimizning umumiy manfaatlariga to‘liq javob berishini qayd etdik.

Biz Turkiya Respublikasini xalqaro maydonda hurmat va e’tibori tobora ortayotgan mamlakat, ishonchli va muhim hamkor o‘laroq alohida e’tirof etamiz. 

Kelgusida qardosh xalqlarimizning ravnaqi, tinchlik va farovonlikni rivojlantirish, an’anaviy do‘stlik va istiqbolli hamkorlikni yanada yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish so‘ngida davlat rahbarlari qo‘shma bayonotni imzoladilar. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing