Mirziyoyev va Aliyev Haydar Aliyev bog‘ini va barelefini ochib berdilar (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Bugun, 21 iyun kuni poytaxt Toshkentda Ozarbayjon Respublikasining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomidagi bog‘ va marhum Prezident xotirasiga o‘rnatilgan barelef ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ishtirok etdi. 

Yangi bog‘ Toshkentning Mirobod tumani Temiryo‘lchilar ko‘chasida qurilmoqda. Bu yerda Haydar Aliyev barelefi o‘rnatiladi. Bog‘ning umumiy maydoni 0,51 gektarni tashkil etadi. 

Ma’lumki, bugun, 21 iyun kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Bu Ilhom Aliyevning oxirgi 12 yillikda O‘zbekistonga amalga oshirayotgan ilk tashrifi. Ozarbayjon rahbarining 2010 yilning 27-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda shahrida Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ish boshlagan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoyev Aliyevni O‘zbekistonga taklif qilgandi. 

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida Sharof Rashidov va Haydar Aliyev o‘rtasidagi samimiy do‘stona munosabatlar tilga olingandi. 

“Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O‘zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko‘p suhbatlashganman. U har doim o‘zbek xalqiga hurmat bilan munosabat bo‘lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidovich bilan ko‘p bor uchrashib, ko‘plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo‘lganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda O‘zbekistonga hurmat bilan munosabat bo‘lgani, qo‘llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o‘zbek ishi” yuzaga kelgan og‘ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o‘laroq o‘zbek xalqi haqida o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lgan”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Haydar Aliyev 1923 yilda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tavallud topgan. 1993-2003 yillarda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligida sobiq ittifoq mustamlakasidan chiqqan Ozarbayjon siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida qator yutuqlarga erishdi. U 2003 yil 12 dekabr kuni vafot etdi. Mamlakat Prezidenti lavozimini esa Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyev egalladi va Haydar Aliyev mamlakatning umummilliy lideri sifatida qabul qilindi. Markaziy ko‘chalar, bog‘lar, aeroport, ta’lim muassasalariga Haydar Aliyev nomi berildi. Shaharlar markazlarida Haydar Aliyev nomidagi san’at saroylari tashkil etildi. Barcha tumanlarda, jumladan diplomatik aloqalar o‘rnatilgan bir qator mamlakatlarda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazlari ochildi.  


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

182

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing