Mirziyoyev vahshiylarcha o‘ldirilgan 11 yoshli qiz haqida gapirdi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
37452Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida yaqinda ushbu viloyatda 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilganini tilga oldi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezident mazkur holatni eslatib o‘tar ekan, viloyatda jinoyatlar bilan bog‘liq vaziyat qanchalik og‘ir ekanini tanqid qilgan.
Ayrim mahallalarda xotin-qizlar faollari instituti kutilgan natijani bermayotgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari yangi tuzilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “koll-markazlar” tashkil qilishni topshirgandi.
Farg‘onada 11 yoshli qizning zo‘rlab, o‘ldirilishi
Joriy yilning 20 iyul kuni Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida Yangi asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish), 118 (Nomusga tegish) va 119 (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov davomida ushbu jinoyatni sodir etishda 2006 yilda tug‘ilgan shaxs gumonlanayotgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi.
Voqeaning qolgan tafsilotlari hali ma’lum qilinmadi.
Keyinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova marhum qizchaning uyiga borib, uning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
LiveBarchasi