Mirziyoyev o‘zini tashvishga solayotgan masalalar – Ukraina, Afg‘oniston va G‘azo haqida gapirdi

Jamiyat

image

Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha mamlakatlar uchun katta sinov bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy sammitidagi nutqida so‘z ochdi. 

“Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda”, deydi so‘zi avvalida Mirziyoyev. 

U turkiy davlatlar rahbarlarini dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirishga chaqirdi. 

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarurligi haqida gapirdi. 

“Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Janobi Oliylarining bu boradagi munosib hissasini alohida e’tirof etmoqchiman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchani chuqur tashvishga solayotganini bildirdi. 

“Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas”, deydi Prezident.

Shuningdek, u yana Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi. Mirziyoyevning fikricha, global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z borganda, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olish va unga birgalikda yechim topish lozim. 

“Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, birinchi marta Yevropada – Budapesht shahrida o‘tkazilgan Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Prezidentlari va hukumat rahbarlarining norasmiy sammitida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban , Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev qatnashdi. Yig‘inda tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan yana ikki davlat – Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan rasmiylar ishtirok etmadi. 

Davlat rahbarlari kengashi tomonidan quyidagi hujjatlar imzolandi va qabul qilindi: 

  • Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitining Budapesht deklaratsiyasi;
  • “O‘zbekiston Respublikasining Turk madaniyati va merosi jamg‘armasidagi ishtiroki to‘g‘risida”gi qaror;
  • TDT Bosh kotibining vakolat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror;
  • Davlat rahbarlari kengashining Afg‘oniston bo‘yicha bayonoti.

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiy davlatlar tashkiloti G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing