Mirziyoyev O‘zbekistondan ketayotgan Fransiya elchisini mukofotladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 avgust kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati hamda mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi. Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

“Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi.

Shuningdek, Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezga ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Elchi xonim uning diplomatik missiyasi yuksak baholangani hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Oreliya Bushez 1960 yil 20 yanvarda tug‘ilgan. Parij Siyosiy tadqiqotlar instituti va ENA bitiruvchisi bo‘lgan Bushez xonim o‘z faoliyatini Parij meriyasida ma’mur sifatida boshlagan (1984-1989yillar). Keyinchalik u Tashqi ishlar vazirligining Yevropa bo‘yicha direksiyasida (1989-1993) ishlagan. Fransuz diplomati, 2021 yil oktyabridan buyon Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlab kelgan Bushez bungacha Fransiyaning Ozarbayjondagi elchisi va Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Do'stlik Oreliya Bushez

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing