Mirziyoyev O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan harbiy qurollar bilan tanishdi
Jamiyat
−
21 fevral 15626 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga borib, bu yerdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, armiya qobiliyatini mustahkamlashda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi bilan bir qatorda mudofaa sanoatini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarog‘larni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va istiqbolli ishlanmalarni qo‘shinlarda joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar bo‘yicha startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Tashrif chog‘ida harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi”, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu birinchi qadamlar bo‘lganini aytib, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, bunda innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanish muhimligi ta’kidlangan.
“Shu bilan birga, buyurtma asosida sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etib, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulot turlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislarni tizimli tayyorlash, yangi texnikalar bo‘yicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 17-21 fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) bo‘lib o‘tayotgan “IDEX-2025” ko‘rgazmasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda. Xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otgan “Arslon 8×8” va “Arslon 6×6” zirhli transportyorlar, “To‘fon” o‘ziyurar gaubitsasi shular jumlasidan.

Tashrif yakunida Prezident mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ko‘rsatib, mutasaddilar oldiga mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘ygan.
Live
Barchasi