Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan qutladi
Jamiyat
−
28 fevral
2482Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Ramazon oyi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz”, deyiladi Prezident tabrigida.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, mamlakatdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tibor markazida bo‘ladi.
“Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz. Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz. Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin! Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin! Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!”, deyiladi Prezident tabrigida.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

