Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Jamiyat
−
21 mart
6016Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 mart kuni "Humo Arena" majmuasida bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z shodiyonasida nutq so‘zlab, o‘zbekistonliklarni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi.
"Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman. Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon O‘zbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda. Farg‘ona vodiysiyu Surxon va Qashqadaryo tog‘larida, Xorazm va Qoraqalpoq diyorida, Samarqandu Buxoro, Navoiyning go‘zal bog‘larida, Jizzaxu Sirdaryo kengliklarida, Toshkent vohasining yam-yashil adirlarida, azim poytaxtimiz maydonlarida el-yurtimiz sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda", deydi Prezident.
Mirziyoyev tadbirkorlik, ishbilarmonlik azal-azaldan xalqning qonida, ongu tafakkurida yashab kelayotganiga to‘xtalgan. Qadim zamonlardan qo‘li gul usta va hunarmandlar, mirishkor dehqonlar, yetti iqlimni kezgan savdogarlar noyob mahsulotlari va noz-ne’matlari bilan butun dunyoga dong taratganini tilga oldi.
"Bugungi kunda O‘zbekistonda yangi tadbirkorlar avlodi ana shu an’anani munosib davom ettirib, dadil maydonga chiqmoqda. Eng muhimi, biznes sohasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizda ham hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari doirasida 50 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga Biznesni rivojlantirish banki orqali zarur moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, ularga garov talabisiz 100 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, o‘rta biznes vakillariga 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlar 7 yil muddatga beriladi. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi", deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident o‘zbek sportchilarining o‘tgan yili Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, musobaqalardagi rekordni yangilaganini e’tirof etdi.
Jumladan, Mirziyoyev tabrik nutqida Nodirbek Abdusattorovning yutuqlarini ham alohida qayd etdi.
"Xabaringiz bor, yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahondagi eng kuchli to‘rtta shaxmatchining biriga aylandi.
Kelinglar, shu ulug‘ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek o‘g‘lim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk g‘alabani kutmoqda", dedi u.
Bundan tashqari, Prezident davlat faol, mehnatkash va ishbilarmon fuqarolarini doimo qo‘llab-quvvatlashini aytib, mahallalarda yoshlarga tadbirkorlikni o‘rgatadiganlarga 300 milliondan 1 milliard so‘mgacha grantlar berilishini ma’lum qildi.
"Ta’kidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi. Bundan tashqari, bo‘sh yerlarda sanoatbop daraxtlar o‘stirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz iqtisodiyot kompleksining barcha rahbar va xodimlari mahalla darajasiga tushib, ishni tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladi", deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi