Mirziyoyev Turkmanistonga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonlar va sivilizatsiyalar o‘zaro aloqasi – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumida ishtirok etishi kutilmoqda.

Turkmaniston Xalqaro axborot markazining ma’lum qilishicha, anjumanda 10 dan ortiq davlat Prezidentlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TYURKSOY), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va UNESCO rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kreml matbuot xizmati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning mazkur tadbirda qatnashishini allaqachon tasdiqladi. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ham ishtirok etishini aytdi.

Ushakovning aniqlik kiritishicha, Turkmaniston rasmiylari bu tadbir “keng va hurmatli xalqaro muloqot o‘rnatish uchun siyosiy, mafkuraviy va ma’naviy platformaga” aylanishiga ishonmoqda.

“Forum doirasida yalpi majlis va rasmiy tushlik bo‘lishi kutilmoqda”, dedi Yuriy Ushakov. 

Forum uchta joyda bo‘lib o‘tadi: Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi hamda poytaxtning “Ýyldyz” va “Garagum” mehmonxonalarida. Manbaning qayd etishicha, tadbirga dunyoning turli burchaklaridan 800 dan ortiq jurnalist tashrif buyurishi kutilmoqda.

“Forum nafaqat fikr almashish maydoni, balki Maxtumquli Firog‘iy qoldirgan umuminsoniy qadriyatlarni muhokama qilish maydoniga aylanadi. Uning merosi madaniyatlar va davrlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilib, insoniyatni ilhomlantirishda davom etmoqda. Ishtirokchilar shoir o‘z asarlarida ilgari surgan tinchlik va taraqqiyotning falsafiy asoslari muhokamasini chuqurroq o‘rganishlari va balki zamonaviy nutqqa yangicha urg‘u berishlari mumkin bo‘ladi. Turkmaniston globallashgan dunyoda o‘zaro tushunish va hamkorlik muhimligini ta’kidlaydigan ushbu tarixiy tadbirning bir qismi bo‘lishga tayyor mehmonlar va delegatlarni intiqlik bilan kutmoqda”, deyiladi Turkmaniston Xalqaro axborot markazi xabarida.

Ma’lumot uchun, bugun, 8 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskvada MDH sammitining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Kun tartibidan Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 11 oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashib, Yaqin Sharqdagi keskin yomonlashgan vaziyatni muhokama qilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Turkmaniston Ashxobod Maxtumquli Firog'iy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing